PROlogue IV xalqaro kinofestivalining ikkinchi kuni ham kino ixlosmandlari uchun ma`naviy ozuqa beradigan loyihalar, turli mahorat darslari, qisqa metrajli filmlar tanlovlari bilan qizg`in davom etmoqda.
Ayniqsa, rejissyor Qamara Kamalovaning hayoti va ijodiga bag`ishlangan “Kino – uning ishi” (Kino – eyo rabota) kitobining taqdimoti san`at olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlar uchun chinakam ma`nodagi mahorat darsiga aylanib ketdi.
“Kino – uning ishi” (Kino – eyo rabota) kitobiga kiritilgan materiallarning aksariyati kinoshunos Elena Chaykaning rejissyor Qamara Kamalovaning yaratgan filmlari haqida yozgan maqolalaridan olingan.
Qamara Kamalovani ko`pchilik yurtdoshlarimiz yaxshi taniydi.
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan san`at arbobining “Achchiq danak”, “O`zganing baxti”, “Ertaga chiqasanmi?”, “Bo`lmagan narsa haqida”, “Yovvoyi”, “Atrof oppoq qor bilan qoplangan” kabi badiiy filmlari xalqimiz qalbidan joy olgan.

Ijodkor uslubining o`ziga xos jihati shundaki, u milliylikni saqlagan holda o`z filmlarini yaratadi.
Kitob taqdimotida Qamara Kamalova yaratgan filmlarda rol ijro etgan aktyor va aktrisalar, rejissyorning shogirdlari va kino ixlosmandlari ishtirok etishdi.
- PROlogue festivali yurtimizda bir necha yillardan buyon o`tkazib kelinadi. Lekin bu gal birinchi marta xalqaro miqyosda bo`lib o`tmoqda. Bilasizmi, bunday festivallar, master klasslar yoshlar, ijodkorlar uchun ozuqa hisoblanadi. Shuning uchun bu imkondan foydalanib qolish kerak. Bugungi taqdimot meni ustozim, onajonimdek qadrli inson, o`zbek kinosining ardoqli va atoqli rejissyori Qamara Kamalova bilan uchrashtirib, kino olamidagi qadamlarimni yana bir bor eslatdi. 9-sinfda o`qiyotgan vaqtimda “Atrof oppoq qor bilan qoplangan” filmida debyut rolimni ijro etganman. Men bu insondan minnatdorman. Chunki ulardan kino sohasi bo`ladimi, hayot tajribasimi, xullas, juda ko`p narsalarni o`rganganman va o`rganib kelmoqdaman, - deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva.
Haqiqatan ham, O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan “Kino – uning ishi” nomli kitob kinodagi katta avlodga bo`lgan hurmatning yana bir namoyishi bo`ldi.
Shu kunning o`zida Yoshlar ijod saroyida Qamara Kamalovaning “Yo`l bo`lsin” nomli filmining retrospektiv namoyishi ham bo`lib o`tdi.
- Meni kino olamida Qamara Kamalova “dunyoga keltirgan” bo`lsa, Ayub Shahobiddinov “katta qilgan”, - deydi yosh aktyor Aziz Rametov. - Men Qamara Kamalova rejissyorligidagi “Yo`l bo`lsin” filmidagi rolim bilan kino dunyosiga kirib keldim. Bugun bu film namoyish etildi. Yoshlar tomosha qildi. Lekin ko`pchilik oxirigacha o`tirmadi. Tomoshabinlarni “Bu qanaqa kino o`zi, umuman tushunmadim” qabilidagi gaplari qulog`imga chalinganda, to`g`risi, xafa bo`lib ketdim. Albatta, bu filmni tushunish uchun ozgina bo`lsa-da, aql kerak. Chunki “Yo`l bo`lsin” filmi ramziy ma`noga ega. Lekin qachongacha tomoshabinni o`ylab, uning yo`rig`iga yurib, bachkana, faqat maishiy mavzularni aks ettirgan kinolarni olamiz?! Ular ham aqlini ishlatsin, o`ylansin, kino ruhiyati bilan yashab, uning mazmunini o`zi chaqib olsin. Bejizga bunday festivallar tashkil etilayotgani yo`q. Ularni o`tkazishdan maqsad ham, aslida, haqiqiy san`at asarlari bilan yoshlarni tanishtirishdan iborat.
PROlogue festivali doirasidagi tadbirlar davom etadi.






