Joriy yil 9 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida tibbiyot tizimidagi islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida, shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasiga tashrifi asnosida tibbiyot xodimlari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvlarda sohadagi dolzarb masalalarga yana bir karra e`tibor qaratilib, jumladan, patronaj xizmatini manzilli yo`lga qo`yish bo`yicha taklif va tavsiyalar berildi.
Shundan kelib chiqqan holda Sog`liqni saqlash vazirligida aholini, xususan, qishloq joylarda patronaj qamrovi sifatini yanada yaxshilash, dispanserizasiya ishlarini davr talabi darajasida tashkil etish, aholining barcha qatlamiga hamshiralik yordamini samarali ko`rsatish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kabi ishlarning yangicha mezon va ta`sirchan usullarini joriy etish masalalariga bag`ishlab o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida ham qator dolzarb vazifalar muhokama etildi.
– Tibbiy patronaj xizmati inson salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va xalqimiz salomatligini muhofazalashda muhim o`rin tutadi, – deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari E.Bositxonova. – Ushbu yo`nalishda ishlar talab darajasida yo`lga qo`yilsa, jamiyatdagi ko`plab tibbiy-ijtimoiy muammolarning oldi olinadi. Xususan, ona va bola o`limining oldini olish, kasalliklarni keskin kamaytirish, jamiyatda sog`lom turmush tarzini qaror toptirishda sezilarli natiajalarga erishiladi. Shu bois, patronaj xizmatini ana shunday muhim mezonlardan kelib chiqib, yangi bosqichga ko`tarish rejasini ishlab chiqdik.
Unga ko`ra, endilikda patronaj ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda aholi har olti oyda xatlovdan o`tkaziladi. Unda aholi orasida patronaj ko`magiga ehtiyojmand qatlam aniqlab olinadi. Ikkinchi bosqichda patronaj hamshira, umumiy amaliyot shifokori va tor mutaxassislar ishtirokida aholi xonadonida maqsadli patronaj tadbirlari tashkil etiladi. Unda patronaj parvarishga muhtoj yolg`iz qariyalar, nogironlar va o`zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, 1 yoshgacha va nogiron bolalar, homiladorlar, yangi tuqqan onalar patronaj bilan qamrab olinadi. Maqsadli patronaj har haftada, belgilangan reja asosida tashkil etiladi.

Uchinchi bosqichdagi patronaj tadbirlarini tashkil etishda birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi xodimlariga viloyat va respublika miqyosidagi davolash muassasalari va ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar olimlari yaqindan ko`mak beradi. Bu tadbir endilikda har oyda tashkil etilib, ushbu jarayonda surunkali kasallikka chalingan, ixtisoslashgan tibbiy ko`makka muhtoj bemorlar qamrab olinadi. Bemorlarni kasalligiga qarab ambulator yoki stasionar sharoitda tuman, viloyat hamda respublika muassasalarida davolash choralari ko`riladi.
Vazirlik axborot xizmati xabariga ko`ra, ayni paytda Sog`liqni saqlash vazirligida va hududiy tibbiyot muassasalarida yangi tartibdagi patronaj ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish va tizimli monitoring qilish maqsadida maxsus ishchi guruhi shakllantirilib, izchil sa`y-harakatlar olib borilmoqda.






