O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan ma`lum qilishlaricha, keyingi bir sutkada is gazidan zaharlanish, yong`indan kuyish bilan bog`liq bir necha holat qayd etilgan, deb yozadi O`zA.
Bu borada ogohlikka da`vat etuvchi targ`ibot ishlariga qaramay, ayrim kishilar o`z bilganicha ish tutmoqda. Kuni kecha Sirdaryo viloyatining Yangier shahrida yashovchi uy bekasi N.X. 14 yoshli o`g`li Sh.Q. hamda 12 yoshli jiyani T.Q. bilan birga isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilgan.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi uy bekasi N.G. esa o`choqda olov yoqish vaqtida elim idishda bo`lgan gaz kondensatidan sepgan. Deraza tokchasida yonib turgan shamchiroqqa gaz kondensati sachrab tushishi oqibatida chaqnash sodir bo`lib, yong`in kelib chiqqan. Natijada N.G. hamda shu paytda uyida mehmonda bo`lgan qo`shnisining o`g`li 11 yoshli A.U. kuyish jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog` tumanida yashovchi uy bekasi M.R. uyida istish pechiga ko`mir yoqib, nazoratsiz qoldirishi oqibatida ko`mir isidan zaharlanib kasalxonaga yotqizilgan.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida yashovchi pensioner M.A. hammomdagi isitish pechini yoqish maqsadida gugurt chaqqan vaqtida pechdan sizib chiqib to`planib qolgan gaz va havo aralashmasidan chaqnash sodir bo`lgan. Oqibatda u kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi N.T. ning qurilishi tugallanmagan uyida yong`in sodir bo`lgan. Ko`rilgan choralar natijasida yong`in o`chirilgan. Biroq, yong`in oqibatida uyning 9 kvadrat metr maydoni, shift qismi yonib zarar ko`rgan. Yong`in o`chirish vaqtida shu uyda yollanib ishlayotgan A.B kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ma`lum bo`lishicha, yong`in A.B. mast holda sigareta chekib uxlab qolishi oqibatida kelib chiqqan.
Sodir bo`lgan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






