AsosiyJamiyat

O`zbek genetikasi bo`yicha tadqiqot olib borgan ayol yilning "Olima ayoli" bo`ldi

'O`zbek genetikasi bo`yicha tadqiqot olib borgan ayol yilning "Olima ayoli" bo`ldi'ning rasmi

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Scopus ilmiy-tahliliy ma`lumotlar bazasi versiyasi bo`yicha eng samarali faoliyat ko`rsatayotgan olimlarni tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Unda taqdirlangan Shahlo Turdiqulova O`zbekistonda aholi genetikasining populyasiyasi bo`yicha tadqiqotlar olib borgan. Uning bir qancha maqolalari Scopus ilmiy-tahliliy ma`lumotlar bazasiga joylangan bo`lib, maqolaga eng ko`p iqtibos keltirilganligi olimaning mazkur mukofotni qo`lga kiritishiga turtki bo`lgan.

Shuningdek, olimaning o`zbek genetikasi mavzusiga bag`ishlangan ikki maqolasi jahonda tan olingan “Nature” jurnalida chop etilgan. Olimaning aytishicha, uning o`zbek genetikasi ustida olib borgan tadqiqotlari ayni damda medisina sohasi uchun ham juda ahamiyatli hisoblanadi. Tadqiqotda aniqlanishicha, O`zbekiston aholisi oshqozon-ichak kasalliklariga moyilroq bo`lib, bizda o`t-pufak hamda yurak-qon tomir kasalliklari ham ko`p uchraydi.

Ayni paytda O`zbekiston aholisining dori preparatlarga genetik jihatdan moyilligi o`rganilmoqda. Bu esa genetik markerlarga asoslanib, har bir bemorga ta`sir etuvchi dori yozib berilishi imkoniyatlarini ochib beradi. Olimaning ilmiy o`rganishlarida o`zbek populyasion genetikasi yo`nalishi ham mavjud. Unda Shahlo Turdiqulova o`zbek genetikasining kelib chiqishi ildizlari bo`yicha tadqiqotlar olib borgan.

Hozirda u o`zbeklar orasida sayidlarning kelib chiqish genetikasi borasida tadqiqotlar olib bormoqda.

    Boshqa yangiliklar