13 noyabr kuni "Malika" savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va respublikamizga yashirin yo`llar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shug`ullanayotganligi aniqlangan. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi matbuot xizmati bu haqda ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu fuqarolar iste`molchilar huquqlarini qo`pol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega bo`lmagan tovarlar savdosi hamda sog`lom raqobat muhitiga salbiy ta`sir ko`rsatgan holda, davlat byudjeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni to`lamagan.
Nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qo`yilgan umumiy qiymati qariyb 308 mln so`mlik 66 ta maishiy texnika vositalari, 7,8 mingta uyali aloqa va aksessuarlar O`zbekiston "Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksi"ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal bo`lguniga qadar vaqtinchalik olib qo`yildi.
Mazkur modda ilk bor huquqbuzarlik sodir etgan hamda bir oy muddat ichida davlatga etkazilgan soliq va boshqa majburiy to`lovlar ko`rinishidagi zararlarni qoplagan, tadbirkorlik sub`ekti sifatida ro`yxatdan o`tib, ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirgan shaxslarni huquqbuzarlik predmetlarini musodara qilmagan holda javobgarlikdan ozod qilishni ko`zda tutadi.






