O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 oktyabr kuni Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboevga O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasida Abadiy do`stlik to`g`risidagi shartnoma imzolanganining 20 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yo`lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Davlat rahbari qardosh Qozog`iston xalqini tabriklab, ushbu muhim hujjatda umumiy tarix, ma`naviy va madaniy mushtaraklik bilan bog`langan mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, qardoshlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari mustahkamligi belgilab qo`yilganini ta`kidlagan.
Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma hamda Strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo`shnichilikni mustahkamlash to`g`risida qo`shma deklarasiyaning imzolanishi o`zaro hamkorlikni izchil rivojlantirishda yangi bosqich bo`lgani qayd etilgan.
Qozog`istonda O`zbekiston yili doirasida o`tkazilayotgan madaniy-gumanitar va ishbilarmonlik tadbirlari xalqlarimiz yaqinligining yorqin ifodasidir, deyilgan maktubda.






