O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo`shin razvedkachilari o`rtasida o`tkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida birinchilikni qo`lga kiritdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
15−17 oktyabr kunlari O`zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari guruhi Buyuk Britaniyada razvedka bo`linmalari o`rtasidagi «Kembriya patruli» xalqaro musobaqasida ishtirok etdi.
Musobaqada 34 davlatdan 123 ta jamoa qatnashdi. «Kembriya patruli» musobaqasi 40 yildan buyon Uelsda an`anaviy ravishda o`tkazib kelinadi. Ushbu tanlov dunyo harbiy xizmatchilari ichida o`tkaziladigan eng murakkab va nufuzli musobaqalardan biri hisoblanib, uni maxsus bo`linmalarga saralash jarayoni bilan ham taqqoslashadi. Bunda asosiy e`tibor harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga qaratilgan.

Ishtirokchilar Kembriya tog`larida to`liq jangovar qurollangan holda hech qanday navigasiya vositalarisiz kamida 25 kg yuk bilan 70 km masofani bosib o`tishda 1500 m balandlikka ko`tarilib, 1000 m tik nishablikni 48 soat ichida bosib o`tishlari lozim.
2017 yilda mazkur musobaqada 29 mamlakatdan 139 ta jamoa qatnashgan edi. Unda birinchi marta ishtirok etgan mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi o`rinni zabt etgan bo`lsa, bu yilgi tanlovga qat`iy tayyorgarlik va aniq maqsadlar bilan borgan hamyurtlarimiz mezbon davlat vakillari bilan shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy oldi.
Ikkinchi o`rin Buyuk Britaniya, Hindiston va Fransiya jamoalariga nasib etgan bo`lsa, uchinchi o`rinni Buyuk Britaniya va Qozog`istondan kelgan jamoalar egalladi. Qiziqarli jihat, ushbu tanlovda Angliyaning 90 ta jamoasi ishtirok etdi.
Nufuzli musobaqada g`olib bo`lgan hamyurtlarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Shundan so`ng, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida g`oliblarni sharaflashga bag`ishlangan marosim bo`lib o`tdi. Tadbirda mudofaa vazirining birinchi o`rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig`i general-mayor Pavel Ergashev, mamlakatimizda akkreditasiyadan o`tgan xorijiy mamlakat elchixonalarining harbiy attashelari, g`olib jamoa va ularning yaqinlari, davlat va jamoat tashkilotlarivakillari hamda o`quvchi yoshlar ishtirok etdi.

22 oktyabr kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Kembriya patruli” tanlovining g`oliblarini taqdirlashga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mamlakatimizga oltin medallar bilan kelgan g`olib jamoa a`zolarini qutladi va o`tgan yillarga nisbatan vazirlik qo`shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlari bir necha marta ham sifat, ham soni bo`yicha ko`paygani evaziga mana shunday yutuqlarga erishilayotganini ta`kidladi.
“Prezidentimizning joriy yilda Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismga tashrifi davomida o`tgan yilda “Kembriya patruli” tanlovida ikkinchi o`rinni qo`lga kiritgan qo`shin razvedkachilarimiz bu yilda, albatta, g`oliblik shohsupasini egallab, yorug` yuz bilan Vatanga qaytishga va`da berishgandi va buning uddasidan chiqishdi.
Bir haqiqatni tan olishimiz kerak – bunday g`alabaga Vatanni sevmasdan, unga sodiq bo`lmasdan erishib bo`lmasdi!,” – dedi Abdusalom Azizov.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan g`olib harbiy xizmatchilarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. To`qqiz nafar tanlov g`olibi O`zbekiston mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun” ko`krak nishoni hamda qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi.
Shu kunning o`zida zafar qozongan harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari uchun mudofaa vaziri nomidan bayram dasturxoni yozildi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Mudofa vazirligi qo`shin razvedkachilari 2017 va 2018 yilda III va IV Xalqaro armiya o`yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqalarning “Qo`shin razvedkasi a`lochilari” tanlovida ikki yil davomida uchinchi o`ringa sazovor bo`lishgan edi.






