AsosiyJamiyat

Harbiylar 101 bahorni qarshilayotgan urush faxriysining mehmoni bo`lishdi

'Harbiylar 101 bahorni qarshilayotgan urush faxriysining mehmoni bo`lishdi'ning rasmi

«Umr – chopib ketayotgan kiyikning soyasida bir oz soyalamoq», degan edi donishmandlardan biri. Ortimizda qolayotgan yo`lning yorug` xotiralarga boyligi esa o`tayotgan fursatga shukrona qilishga undaydi bizni. 101 bahorni qarshilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Mudofaa vazirligi faxriysi Zubaydulla ota Toshmatov ham bugun o`tayotgan har bir daqiqadan rozi, qilgan xizmatlari e`tirof etilayotganligidan mamnun.

Chirchiq shahridagi Alisher Navoiy ko`chasidagi 46-xonadonga tashrif buyurgan Toshkent harbiy okrugi faxriylar ishlari bo`yicha kengashi raisi Avazbek Nomozov, Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurtidan podpolkovnik Bobur Rajabov, mayor Jasur Hakimov hamda serjant va ofiserlarni otaxonning qizlari Mastura opa kutib oladilar.

– Bugungi kunlarni qarang, – deydi otaxon mehmonlar bilan suhbat qurarkan, – tinchlikni, farovonlikni nainki odamlar hayotidan, balki osmonda parvoz etayotgan qushlardan ham bilsa bo`ladi. Yoshligimiz zambaraklarning gumburlashi, bombalarning erni zir titratib, tanklarning guvillashlari, urushdan keyingi qiyinchiliklar bilan o`tdi. Urush kechagidek esimda. Polshadan to 1945 yil 7 may kuni Germaniyaning Elba daryosi bo`yidagi janggacha kurashdik. Shu vaqt oralig`ida olti marta yaralandim. Kechalari okoplarda izg`ib, qo`limizda qurol bilan qachon urush tugarkin, qachon ota-onamizning diydorini ko`rarkanmiz, deb tong ottirardik. Millatimiz tinchliksevar xalq. Urushgacha xalqimizga sobiq tuzum boshqacha munosabatda bo`lgan. Bosmachilar degan tamg`a ostida yashab, urush boshlanganda o`zbekistonliklarning kuchidan front ichida ham, front ortida ham foydalanishgan. Yurtdoshlarimiz jangda fidoyilarcha kurashi bilan e`tibor qozongan.

Ettita farzandning otasi, 21 nafar nevara, 45 evara, 2 chevaraning suyukli bobosi bo`lgan otaxon gohida evaralariga urush haqida ertaklar aytib berarkan. Ha, aynan urush haqida. Aslida millionlab insonlarning hayotida ulkan qora chiziq bo`lgan, bag`rida ketmas dog` qoldirgan urush bu. Lekin bugungi hurlikning erka farzandlari uchun bu xotiralar chindan-da, ertak.

– Biz bunday otaxonlar bilan ko`proq uchrashishga, ularning nasihatlarini yoshlarga etkazishga harakat qilamiz, – deydi Toshkent harbiy okrugi faxriylar ishlari bo`yicha kengashi raisi A. Nomozov. – Ular tarixning tirik kitobi, deyish mumkin. Ulardagi jasorat, matonat, yurtga sadoqat har birimizga o`rnakdir.

– Yoshligi urush maydonlarida o`tgan otaxonning suhbatidan ta`sirlandim, – deydi kursant Javohir Hasanov. – Ona Vatan ozodligi uchun kurashgan shunday insonlar bor ekan, biz tinchlik va osoyishtalik degan ulug` ne`matning qadrini yanada teran anglayveramiz.

Asr bilan yuzlashgan, ko`zlari tiyrak, xotiralari tiniq otaxon mehmonlar ketar chog`imizda qo`llarini duoga ochdi:

– Urush o`z nomi bilan urush. Uning dunyodan oti o`chsin. Biz ko`rgan kunlarni farzandlarimiz ko`rmasin. Meni yo`qlab, eslaganlarni Xudo yarlaqasin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo`lsin.

    Boshqa yangiliklar