Samarqand viloyati Tayloq tumanida yashovchi A.Qobilov Rossiya Federasiyasiga borish uchun Samarqand shahridagi “AVIA TOUR” MChJ aviachiptaxonadan chipta sotib oladi. Ammo uchish kunlariga oz qolganda, fuqaroning sog`lig`i yomonlashgani bois, aviachiptachilarga salomatligi to`g`risidagi tibbiy ma`lumotnomani taqdim qiladi. Iste`molchining bundan mudaosi chipta xarid qilishga to`langan pulini qaytarib olish bo`ladi. Biroq iste`molchi talabi kassa xodimlari tomonidan rad etiladi.
O`zA ma`lum qilishicha, huquqi buzilgan A.Qobilov Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish Samarqand shahar jamiyatiga yozma murojaat qilgan.
Mas`ul xodimlar shikoyatni o`rganish jarayonida aviakassa xodimlariga O`zbekiston Respublikasining “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuning tegishli moddalari yuzasidan tushuntirishlar olib borgach, iste`molchiga chiptaning 2 138 467 so`m puli qaytarildi.






