AsosiyJamiyat

Bolalar bog`chasiga onlayn yo`llanma olish mumkin

'Bolalar bog`chasiga onlayn yo`llanma olish mumkin'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 28.03.2018 yildagi 244-son qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta`lim muassasalariga (MTM) qabul qilish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Norma.uz.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab bolalarni davlat MTMga rasmiylashtirish, shu jumladan navbatga qo`yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali amalga oshiriladi.

Eslatib o`tamiz, ilgari bolalar bog`chalariga yo`llanmalar tuman xalq ta`limi bo`limlari huzuridagi tegishli qabul komissiyalari tomonidan berilar edi.

Ushbu maqsadda tegishli reglament tasdiqlandi, barcha tuman maktabgacha ta`lim bo`limlari va bolalar bog`chalari esa YaIDXPga ulanadi. Portalda bolalarni MTMga qabul qilish bo`yicha jismoniy shaxslarning murojaatlari ko`rib chiqilishini kuzatib borish tartiboti joriy etiladi.

E`tibor bering! Reglament bilan joriy etilgan tartib bolalarni davlat ixtisoslashtirilgan MTMga qabul qilishda tatbiq etilmaydi.

Bolalarni MTMga rasmiylashtirish tartiboti

Ota-onalar yo`llanmalar olish uchun belgilangan shakldagi anketani to`ldirgan holda Davlat xizmatlari markazlariga o`zi kelgan holda murojaat qiladilar yoki elektron tarzda davlat xizmatlari olish uchun YaIDXPda ro`yxatga olinadilar.

Bu – muhim! Arizachi anketani ERI bilan tasdiqlaydi. Bunda Davlat xizmatlari markazlari arizachilar tomonidan joyida ERIni olish uchun barcha zarur shartlarni ta`minlashi shart. ERI mavjud bo`lmasa – xizmat ko`rsatilmaydi.

Farzandni muassasaga qabul qilishning kichik yoshga (3 yoshga) etgunigacha navbatga qo`yish mumkin, biroq yo`llanma faqat belgilangan yoshga etgandan keyin beriladi.

Bolalarni bog`chaga qabul qilish bo`yicha davlat xizmatlari – bepul.

MTMga qabul qilish bo`yicha elektron hamkorlik

Barcha MTMlar har oyda mavjud bo`sh o`rinlar to`g`risida ma`lumotni tuman xalq ta`limi bo`limiga yuboradilar. Tuman bo`limlari bo`sh o`rinlarning elektron hisobini yuritib, bolalarni qabul qilish bo`yicha elektron navbatlarni shakllantiradilar va yo`llanmalar beradilar, ular asosida bog`chalar bolalarni qabul qiladilar.

Bundan tashqari, tuman bo`limlari o`z rasmiy veb-saytlarida quyidagilarni ko`rsatgan holda o`z tasarruflaridagi barcha bog`chalar to`g`risidagi ma`lumotlarni joylashtiradilar va muntazam yangilab boradilar:

  • muassasadagi o`rinlar soni va bo`sh o`rinlarning mavjudligi;
  • anketalarning umumiy ro`yxati;
  • anketalarning imtiyozli ro`yxati.

Bolalarning quyidagi kontingenti anketalari imtiyozli ro`yxatga kiritiladi:

  • nogiron bo`lgan shaxslarning bolalari;
  • uch nafar yoki undan ko`p bolalari bo`lgan oilalarning bolalari;
  • harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • etim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • boshqa muassasalardan o`tkazilgan bolalar;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo`lgan bolalar.

Arizachilarda ustunlik huquqining mavjudligi to`g`risidagi ma`lumot anketada ko`rsatiladi.

Anketalar Davlat xizmatlari markazlarida yoki YaIDXP orqali rasmiylashtirilgandan keyin tegishli tuman xalq ta`limi bo`limiga darhol yo`llanadi. Shundan keyin 1 ish kuni mobaynida arizachilarga yo`llanmalar beriladi yoki navbatga kiritilishi rasmiylashtiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida rasman e`lon qilingan va 1.04.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar