O`zbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta`lim muassasalari kursantlari MDH oliy harbiy o`quv yurtlari jamoalari o`rtasida bo`lib o`tadigan Xalqaro olimpiadaning final bosqichida ilk bor ishtirok etadi.
Olimpiadani o`tkazishdan asosiy maqsad — MDH davlatlari armiyalari o`rtasidagi do`stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, Olimpiadaning dastlabki ikki bosqichi respublikadagi oliy harbiy ta`lim muassasalari va harbiy bilim yurtlarida bo`lib o`tgan hamda g`oliblar final bosqichiga yo`llanma olishgandi. Final bosqichida Mudofaa vazirligi o`quv yurtlarida tahsil oluvchi 26 nafar kursant ishtirok etadi.
O`zbekistonlik kursantlar besh yo`nalishda bellashishadi.
Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari Olmaota shahrida matematika, Minsk shahrida harbiy tarix, harbiy-professional tayyorgarlik bo`yicha Moskva shahrida O`zbekiston sharafini himoya qilishadi.
Jizzax oliy harbiy aviasiya bilim yurti kursantlari Erevanda chet tili bo`yicha, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti kursantlari Sankt-Peterburgda informatika bo`yicha o`z bilimlarini namoyish etadi.
Olimpiada 26 martdan 19 mayga qadar o`tkaziladi.
O`tgan yili bellashuvlarda Rossiya Ozarbayjon, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston harbiy bilim yurtlaridan jami 44 jamoa tarkibida 176 kursant ishtirok etgan edi. O`zbekiston vakillari esa kuzatuvchi sifatida qatnashgan.






