O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 9-10 mart kunlari Tojikistonga tashrifini amalga oshiradi.
Shavkat Mirziyoevning davlat rahbari sifatida Dushanbega bo`ladigan ilk tashrifi vaqtida unga Tojikiston milliy universiteti fan doktori faxriy unvoni beriladi. Prezident universitet professor-o`qituvchilari hamda talabalar bilan uchrashadi. Bu haqda «Aziya-Plyus» agentligi ma`lum qildi.
Eslatib o`tamiz, Farg`ona shahrida 24 fevral kuni O`zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo`lib o`tgandi.
Uchrashuv doirasida O`zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasinining ayrim uchastkalar bo`ylab o`tadigan chizig`i loyihasi ko`rib chiqildi. Shuningdek, qisqa muddat ichida Davlat chegarasini delimitasiya qilish jarayonida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgani qayd etildi.
Undan tashqari, O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi chog`ida imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hujjatlar, bitimlar va shartnomalarni tayyorlash hamda tadbirlarning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Unda O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov hamda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda ishtirok etdi.






