O`zbekistondagi barcha mahallalarda sog`lom turmush tarzini targ`ib qiluvchi “Salomatlik maktablari” tashkil etilaldi, deb xabar qilmoqda Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu “Salomatlik maktablari” sog`lom turmush tarzini yangicha tartib va ta`sirchan usullar bilan targ`ib qilish bilan shug`ullanadi. Xususan, ushbu maktablar oldiga xonadonlar, o`quv muassasalari, bog`cha va mahallarlarda kasalliklarning oldini olish bo`yicha profilaktika ishlari olib borish, aholida o`z salomatligiga bo`lgan mas`uliyatni oshirish vazifasi qo`yildi.
Sog`liqni saqlash vazirligi ishlab chiqqan yo`riqnomaga ko`ra, QVP va oilaviy poliklinikalar umumiy amaliyot vrachlari, patronaj hamshiralar, mahalla faollari, ta`lim muassasalarining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha mas`ul xodimlari, jismoniy tarbiya o`qituvchilari, ta`lim muassasalari shifokorlari, jamoat tuzilmasiga birlashib, oilalarda, aholi orasida, ta`lim muassasalarida o`quvchi yoshlar orasida sog`lom turmush tarzini targ`ib etadi.
O`zbekistonda tashkil etiladigan “Salomatlik maktablari” faoliyatini tashkil etish va yuritishda Sog`liqni saqlash vazirligi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, Faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi, Xalq ta`limi va Maktabgacha ta`lim vazirliklari hamda O`rta maxsus kasb-hunar ta`lim markazi mas`ul etib belgilangan.






