AsosiyJamiyat

15-29 yoshgacha bo`lgan insonlar o`limining asosiy sababi aytildi

'15-29 yoshgacha bo`lgan insonlar o`limining asosiy sababi aytildi'ning rasmi

Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida yo`l harakati hodisalari oqibatidagi o`lim soni yuqoriligacha qolayapti. Masalan, Qozog`istonda YTH tufayli o`lish ehtimoli Norvegiyadan 11 barobar yuqori ekan. Bu haqda Jahon bankining Markaziy Osiyo mintaqasi, Xitoy, Mo`g`iliston bo`yicha transport va AKT departamenti loyihalar boshlig`i Aliya Karakulovaning maqolasida alohida to`xtalib o`tildi.

Dunyo bo`yicha 15-29 yoshgacha bo`lgan insonlar o`limining asosiy sababi saraton kasali emas, yurak kasali emas, urushlar emas, aynan yo`l harakati hodisalari ekan.

YTH oqibatidagi o`lim va tuzatib bo`lmaydigan asoratlar qoldiradigan jarohatlarning yuqori darajada ekanligi iqtisodiyotda ham o`z aksini topib, sog`liqni saqlash va davlat byudjetiga qo`shimcha bosim tug`diradi. Xususan, yo`l harakati hodisasi oqibatidagi o`lim tufayli Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotinig yillik yo`qotishlari yalpi ichki mahsulotning 3-4 foizini tashkil etadi, deb yozadi ekspert.

Eng muhimi bu emas, chunki bunday fojialar boshqa odamlarning ham hayotini izdan chiqarib yubormoqda. Masalan, YTH qurbonlarining uchdan ikki qismi 18-44 yosh o`rtasidagi erkaklar, ya`ni oila boquvchisi hissasiga to`g`ri kelishi aniqlangan. O`z boquvchisini yo`qotgan farzandlar esa maktab yoki universitetni tashlab ketib, oilasini tebratish uchun ishlashga majbur bo`lishi, tabiiy. Ko`p holatlarda ular o`z hayotini yaxshilash, kelajak orzulariga intilishdan ham voz kechishlariga to`g`ri kelayotir.

Maqolada ta`kidlanishicha, Shvesiya, Norvegiya va Sharqiy Evropa mamlakatlarida yo`llarda jarohatlanishni qisqartirish borasida salmoqli o`sishga erishilgan. Shvesiya birinchilardan bo`lib “Vision ZERO”(“Maqsad - nol”) deb nomlangan milliy xavfsizlik dasturini amaliyotga joriy etdi. Bundan ko`zlangan maqsad yo`llarda o`lim va jarohatlanish miqdorini nol darajagacha tushirishdir.

Jahon banki esa mamlakatlarning mazkur yo`nalishidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlayapti. Masalan, Qozog`istonda “Sharq-G`arb” yo`lini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilayotir. Unga ko`ra Balxash va Burilbaytal hududlarini bog`lovchi uchastka uchun “I-RAP” usulini qo`llagan holda loyiha echimlari berildi. Natijada ushbu uchastkaning loyiha-smeta hujjatlariga xavfsizlikni kuchaytirish bo`yicha o`zgartirishlar kiritildi va bu qurilish ishlarida albatta inobatga olinadi. Zero, amaliyot shuni ko`rsatmoqdaki, oddiy va uncha qimmat bo`lmagan muhandislik echimlari minglab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin. O`z navbatida loyiha doirasida mutaxassislarga loyihalash, qurilish va yo`llarning ochilishi bosqichlarida yo`l xavfsizligini audit hamda inspeksiya qilish ko`nikmalari o`rgatildi.

Ekspertning aytishicha, Markaziy Osiyoda yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasida sezilarli yaxshilanishlar kuzatilayapti, ammo hali qilinadigan ishlar juda ko`p.

Ma`lumot o`rnida aytish etish lozimki, O`zbekistonda ham bu borada ijobiy dinamika ko`zga tashlanmoqda. Masalan, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi ma`lumotlariga ko`ra, 2017 yilda YTH soni 2016 yilga nisbatan o`rtacha 10 foiz kamaygan.

    Boshqa yangiliklar