Bu yil birinchi marta tibbiyot yo`nalishidagi oliy ta`lim dargohlarida ta`lim olayotgan 7-kurs bakalavr hamda klinik ordinatura yo`nalishida tahsil olayotgan talabalarning o`qishi muddatidan 5 oy oldin yakunlandi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, bir oy davomida hududlar, tumanlar va shifo maskanlarida tibbiyot kadrlariga bo`lgan ehtiyoj o`rganilgan.
O`rganishlar xulosasidan kelib chiqib, tibbiyot yo`nalishidagi barcha bitiruvchilar doimiy yashash joylaridagi tibbiyot muassasalarida o`z sohasi bo`yicha ishga joylashtirildi. Ular 8 yanvardan boshlab ish faoliyatini boshlaydi.
Eslatib o`tamiz, mazkur chora O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2017 yil 12 dekabr kuni mamlakatimiz tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag`ishlab o`tkazilgan yig`ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash doirasida amalga oshirilmoqda.






