1 yanvardan boshlab Samarqand xalqaro aeroportida bojxona hududiga kirib kelish va chiqishda «yashil» va «qizil» yo`laklar tizimi joriy qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida xabar berildi.
Bu tizim Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrda e`lon qilingan «O`zbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali o`tkazish punktlarida ikki yo`lakli tizimni qo`llash tartibi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori asosida yo`lga qo`yildi.
Ushbu yo`laklar fuqarolarni bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazish sharoitlarining jahon standartlariga mosligini ta`minlash, bojxona rasmiyatchiligini soddalashtirish, nazoratning samarali usullarini qo`llash va turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan.
Joriy etilgan ushbu yo`lakning ilk yo`lovchilari 2 yanvar kuni «Vnukovo — Samarqand» va «Samarqand — Vnukovo» aviareysi yo`lovchilari bo`ldi.
Eslatib o`tish kerak, yangi yil arafasida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ham ana shunday tizim ishga tushirilgan edi.






