Kecha, 27 dekabr kuni «Qamchiq» dovonida kuchli shamol esishi, qor yog`ishi va yo`llarning muzlashi natijasida avtoransport vositalarining harakati cheklangan bo`lib, yo`lning harakat qismini qordan tozalash maqsadida transport vositalari oz-ozdan o`tkazildi.
Dovondagi tegishli xizmatlar tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida avtomobil yo`li qordan tozalanib, soat 17.20 da avtotransport vositalarining harakati tiklanib, ikki tomonlama amalga oshirilmoqda.
FVV matbuot xizmatining xabar berishicha, harakatning vaqtinchalik cheklovi davomida, haydovchi va yo`lovchilar uchun kutish va isinish maskanlari tashkil etilib, jumladan, 70 nafardan ortiq kishilar doimiy faoliyat ko`rsatuvchi postlarga joylashtirildi, 1800 nafarga yaqin kishi 45 ta umumiy ovqatlanish maskanlariga joylashtirilib, issiq choy va ovqat bilan ta`minlandi, ulardan 29 nafar bola onalari bilan «Ona va bola» xonalariga joylashtirildi.
25 nafardan ortiq haydovchi va yo`lovchilarga tibbiy va psixologik yordam ko`rsatildi, 44 ta avtotransport vositalari qor uyumidan chiqarib olindi, ulardan 6 ta avtotransport vositalari evakuator yordamida texnik ta`mirlash maskanlariga etkazildi. Harakatdagi stasionar yoqilg`i quyish shoxobchasi tashkil etildi.
«Uzgidromet» markazi oldindan ob-havonining keskin o`zgarishi, qor yog`ishi, bo`ron bo`lishi va yo`lning muzlashi to`g`risida ma`lumot berilgan bo`lib, ular ijtimoiy tarmoqlar va dovonda o`rnatilgan tablolar orqali etkazildi hamda «Qamchiq» dovonida harakatlanayotgan avtotransport vositalarning to`xtash joylarida tushintirish ishlari olib borildi.






