O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi o`z faoliyatini boshladi. Markaz imkoniyati cheklangan yoshlar qatlamini, jumladan nogiron, ko`zi ojiz, eshitish qobiliyati cheklangan, muomila layoqatiga ega bo`lmagan yoshlar manfaatlarini himoya qilishga ko`maklashish maqsadida tashkil etildi.
Markazga uzoq yillardan buyon, nafaqat san`at sohasida, balki imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar bilan ishlash tajribasiga ega O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ra`no Shodieva direktor etib tayinlandi, deya xabar qiladi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboev o`zining Feysbukdagi sahifasida.
Ra`no Shodieva ilgari “So`zlovchi qo`llar” nomli eshitish imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashga mo`ljallangan nodavlat notijorat tashkilotiga ham rahbarlik qilgan.
- Imkoniyati cheklangan bolalar onalarining sabri, iroda va matonati oldida bosh egaman. Nogiron bola dunyoga kelgan oilada, to`g`risi, onaga qiyin. Har daqiqasini umid bilan o`tkazadigan onalarga haykal qo`ysang arziydi. Yurtimizda ham ana shunday onalar uchun maktab tashkil etishni niyat qilgan edim, O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan shunday taklif bilan chiqishganida bajonidil qabul qildim. Bu mening orzuim edi. Mazkur Markaz yurtimizdagi imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalarning eng sevimli tashkiloti bo`lishiga, ularni jamiyatimizda munosib o`rin egallashlari uchun bor bilim va ko`nikmalarimni safarbar qilaman", - deydi Ra`no Shodieva.






