AsosiyDunyo

HINDISTONNING “TRAVELXP” TELEKANALI O`ZBEKISTON HAQIDAGI FILMNI SURATGA OLDI

'HINDISTONNING “TRAVELXP” TELEKANALI O`ZBEKISTON HAQIDAGI FILMNI SURATGA OLDI'ning rasmi

Xorijiy davlatlarda milliy turistik brendni ommalashtirish maqsadida Davlat turizm qo`mitasi Hindistonning O`zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Travelxp» telekanalining suratga olish guruhini O`zbekistonga taklif etdi, deb xabar berdi Uzdaily.uz nashri.

Filmni suratga olishdan maqsad O`zbekistonning turistik potensialini namoyish qilish bo`ldi. Mazkur film 2018 yildan boshlab telekanalda efirga uzatiladi. Besh kishidan iborat ijodiy guruh 2017 yilning 12 dekabridan to 23 dekabriga qadar O`zbekistonda bo`lishdi. Ssenariyga muvofiq suratga olish ishlari Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari – teleminorada, Mustaqillik maydonida, metropoliten, temiryo`l vokzalida, Toshkent viloyatida (Chorvoq, Chimyonda), Samarqand, Shahrisabz, Buxoro va Xiva shaharlarida bo`lib o`tdi.

«Travelxp» xususiy telekanal bo`lib, unga 2011 yilda asos solingan. U turistik tematikaga ixtisoslashgan. Telekanal ko`rsatuvlari yo`ldosh va kabel kanallari orqali Hindistonda, xorijiy davlatlarda namoyish etiladi. Barcha ko`rsatuvlar bir necha – hindiy, ingliz, tamil, bengal, tay, ispan, nemis, fransuz, yapon, rus, arab, fors va xitoy tillarida efirga uzatiladi.

    Boshqa yangiliklar