AsosiyJamiyat

Oliy majlis Davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan muhim qonunni qabul qildi

Oliy majlis Qonunchilik palatasi Davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan muhim qonunni qabul qildi

Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonun loyihasini ko`rib chiqish majlis kun tartibidagi bosh masala bo`ldi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat hokimiyati tizimini yanada demokratlashtirish, davlat boshqaruvining eng muhim prinsiplarini amalga oshirishning konstitusiyaviy mexanizmlarini takomillashtirish – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlari mustaqilligi va tengligi, vakolatlari mutanosibligini, ular o`rtasida o`zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining samarali ishlashini ta`minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasini ikkinchi o`qishda ko`rib chiqishga tayyorlash chog`ida uning asosiy g`oya va qoidalarini muhokama etish hamda chuqur o`rganish yuzasidan bir qancha uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi. Ularda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mutaxassis va olimlar, yurist-huquqshunoslar ishtirok etdilar. Qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining majlislarida, Qonunchilik palatasi qo`mitalarida faol va keng muhokama qilindi. Ana shu muhokamalar paytida deputatlar davlatimiz rahbarining qonunchilik tashabbuslarini to`liq qo`llab-quvvatladilar, O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga kiritilayotgan tuzatishlarning o`z vaqtida qo`yilgani va muhimligini qayd etdilar.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot xizmati xabar beradi.

Deputatlar davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi O`zbekistonda o`zini to`liq oqlagan islohotlarning “o`zbek modeli” asosida amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat qurilishi va konstitusiyaviy tuzumni izchil o`zgartirish hamda demokratik yangilash jarayonlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarishini alohida ta`kidladilar. Qonun “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” deb nomlangan mamlakatimiz taraqqiyotining bosh prinsipini amalga oshirishni bundan buyon ham davom ettirish, mamlakatimiz Konstitusiyasida mustahkamlab qo`yilgan inson huquq va erkinliklari hamda demokratiyaning boshqa umume`tirof etilgan qadriyat va normalarining ishonchli himoyasini ta`minlaydigan siyosiy tuzumni shakllantirishda ulkan ahamiyatga ega.

Deputatlar erishilgan marralar, jamiyatimiz hayotida jadal yuz berayotgan o`zgarishlar, shuningdek, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish borasida biz o`z oldimizga qo`ygan maqsad Konstitusiyamizga aniqliklar kiritish bo`yicha davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslariga asos bo`lib xizmat qilganini alohida ta`kidladilar.

Qonun loyihasini moddama-modda muhokama etish chog`ida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar Konstitusiyaning 98-moddasida Prezident vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga o`tkazishni, umuman, Vazirlar Mahkamasining vakolat va huquqlarini aniqlashtirish hamda kengaytirishni nazarda tutadigan normalar mustahkamlab qo`yilishi muhim ekanini qayd etdilar.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining zimmasiga samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, ta`lim-tarbiya, sog`liqni saqlash hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas`uliyat yuklatilmoqda. Vazirlar Mahkamasi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtiradi va yo`naltiradi, qonunda belgilangan tartibda ularning faoliyati nazorat qilinishini ta`minlaydi. Deputatlarning fikricha, O`zbekistonni siyosiy va konstitusiyaviy rivojlantirish mantig`ining o`zi Vazirlar Mahkamasining mustaqilligi va mas`uliyatini ta`minlashga qaratilgan ushbu qoidalarni taqozo etmoqda.

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining a`zolari Konstitusiyaning 78-moddasidagi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini nazorat qilish bo`yicha parlament palatalarining roli va vakolatlarini kengaytirishni ko`zda tutadigan yangi qoidalarga e`tibor qaratdilar.

Deputatlarning fikricha, Bosh vazir lavozimiga nomzod parlamentda uning nomzodi ko`rib chiqilayotgan va tasdiqlanayotgan paytda hukumatning yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo`ljallangan harakat dasturini taqdim etishi haqidagi normaning Konstitusiyaga kiritilishi siyosiy partiyalarga hukumatning tutgan yo`li va dasturlari yoki uning alohida yo`nalishlari yuzasidan o`z nuqtai nazarini aniq belgilab olish imkonini beradi. Konstitusiyaga kiritilayotgan ushbu tuzatish demokratik jamiyatning eng muhim tarkibiy qismi bo`lgan parlamentarizm, ko`ppartiyaviylik tizimi va partiyalararo raqobat, fraksiyalararo kurashni yanada mustahkamlashda g`oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, qonun loyihasida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga doir eng muhim masalalar yuzasidan hukumatning har yili o`z ma`ruzalarini parlamentga taqdim etish majburiyati nazarda tutilgani ham bunga ko`maklashadi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining a`zolari Konstitusiyaning 103-moddasiga kiritilayotgan qo`shimchalarning alohida dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Mazkur qo`shimchalarga muvofiq viloyat, tuman va shahar hokimlarining zimmasiga xalq deputatlari tegishli Kengashlariga viloyat, tuman, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir eng muhim va dolzarb masalalar yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyati yuklatilmoqda. Xalq deputatlari Kengashlari esa ushbu hisobotlar bo`yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

Shu tariqa deputatlar vakillik organlarining roli va ahamiyati, ularning jamiyatimiz hayotidagi haqiqiy imkoniyatlari tubdan kuchayadi, shuningdek, mintaqalarni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rivojlantirishning aniq ustuvor yo`nalishlarini belgilashda siyosiy partiyalar, ularning mahalliy Kengashlardagi deputatlar guruhlarining roli ancha oshadi.

“Adolat” sosial-demokratik partiyasi fraksiyasi deputatlari Konstitusiyaning 117-moddasiga kiritilayotgan, mamlakatimiz saylov tizimining konstitusiyaviy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlarning alohida muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o`tkazish uchun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuzilishi belgilab qo`yilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilikdan iborat asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Deputatlarning qayd etishlaricha, ko`plab rivojlangan demokratik mamlakatlarda saylovlar ijro etuvchi hokimiyat organlari – Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi kabi vazirliklar tomonidan tashkil etiladi. Markaziy saylov komissiyasiga parlament tomonidan tuziladigan mustaqil konstitusiyaviy organ maqomining berilishi esa fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanishdan iborat konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirishni to`liq ta`minlaydigan saylov tizimini yanada demokratlashtirish, shuningdek, so`z erkinligi, o`z xohish-irodasini erkin bildirish borasidagi huquqlar kafolatlarini kuchaytirish yo`lidagi muhim qadamdir.

O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillarining fikricha, Konstitusiyaning 32-moddasiga kiritilayotgan tuzatishlarda davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati institutining mustahkamlanishi nazarda tutilgani ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi eng muhim vazifalarni hal etishda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini ancha kuchaytiradi. Ushbu norma davlat va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta`minlashda, atrof-muhitni muhofaza qilishda, sog`lom va barkamol yosh avlodni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega bo`ladi.

Ekologik harakatdan saylangan deputatlarning fikricha, qonun loyihasida nazarda tutilgan yangi huquqiy normalarning mamlakatimiz Konstitusiyasiga kiritilishi parlament palatalaridan fuqarolik jamiyati institutlari bilan ishlash bo`yicha shakl va usullarni yanada takomillashtirishni talab etadi. Shu munosabat bilan ko`rib chiqiladigan qonunlar loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o`tkazish va ochiq muhokama qilish, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining joylarda ijtimoiy-iqtisodiy sohada yuzaga kelgan holatlar to`g`risidagi ma`lumotini eshitib borish kabi faoliyat shakllaridan yanada samaraliroq foydalanishning muhim ahamiyatga ega ekani ta`kidlandi.

Shuningdek, deputatlar milliy davlatchilik va siyosiy tuzumni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun ulkan ahamiyatga ega bo`lgan boshqa qator konstitusiyaviy yangiliklarni ham qayd etdilar.

Ularning fikricha, Konstitusiyaga kiritilayotgan tuzatishlar, o`z navbatida, deputatlardan demokratik islohot va o`zgarishlarni muvaffaqiyatli va samarali amalga oshirish uchun zarur bo`lgan, hayot talab qilgan qonunlarni qabul qilishni, shuningdek, o`z saylovchilari bilan ishlashni tubdan yaxshilashni taqozo etadi. Konstitusiyaga kiritilayotgan tuzatishlarning hayotga muvaffaqiyatli joriy etilishi fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini, ularning siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirishni, siyosiy partiyalarning yuksak darajada etuk, mamlakatimiz taqdiri va kelajagi uchun ulkan mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga tayyor bo`lishini talab qiladi.

Mazkur hujjat har tomonlama keng muhokama qilish yakunlariga ko`ra, Qonunchilik palatasi “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonunni qabul qildi.

Bunda deputatlar O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga kiritilayotgan o`zgartish va qo`shimchalarni keng muhokama qilishni davom ettirish, ularning mazmun-mohiyatini mamlakatimizning barcha fuqarolariga etkazish zarurligini ta`kidladilar.

    Boshqa yangiliklar