(O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimovning xotirasi va tavalludining 80 yilligiga bag`ishlanadi)
Mustaqillik yillarida O`zbekiston xalqaro hamjamiyatda munosib o`rin egalladi. O`zbekiston o`zini jahon siyosiy maydonida ijobiy ko`rsatishga va xalqaro e`tirof etilishi bo`yicha yangi sifat darajaga erishdi.
Xususan, birgina 2016 yil yakunlari bo`yicha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 7,8 foizga o`sdi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profisit bilan ijro etildi. Ijobiy tarkibiy o`zgartirishlar va iqtisodiyotning yuqori o`sish sur`atlari tufayli aholining real daromadlari 11 foizga oshdi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 15 foizga, pensiya va ijtimoiy nafaqalar – 12,1 foizga o`sdi.
Bu Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan “o`zbek modeli”ning amaliy natijasi edi. Ushbu model tufayli jahon hamjamiyati oldida mas`uliyatli va strategik hamkor sifatida mamlakatning noyob qiyofasi yaratildi.
Mustaqillikka erishgandan so`ng mamlakatimiz xalqaro miqyosda e`tirofga erisha boshladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan olti oy o`tib – 1992 yil 2 mart kuni BMTga a`zo bo`ldi. Bundan tashqari, mamlakatimiz MDH, ShHT, EXHT kabi va boshqa etakchi global va mintaqaviy tuzilmalar tarkibiga kirdi. 133 davlat bilan diplomatik aloqalar o`rnatdi, eng rivojlangan davlatlar ham shular jumlasidandir.
O`zbekiston tinchliksevar tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga erishdi. Mamlakatda yillar davomida qurilgan barqarorlikka putur etkaza oladigan “rangli inqiloblar” va boshqa zarbalarga yo`l qo`yilmadi. Biz ko`plab mamlakatlarga o`z ta`sirini ko`rsatayotgan ijtimoiy va siyosiy inqirozlardan qochib qutuldik.
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Toshkent shahridagi haykalining ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoev o`z nutqida “Islom Abdug`anievich butun umrini jonajon O`zbekistonimiz uchun, uning ozodligi va buyuk kelajagi uchun bag`ishladi. Tariximizning eng murakkab va og`ir davrida – millatlararo ziddiyatlar avj olgan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchrab, respublikamiz jar yoqasiga kelib qolgan keskin va tahlikali bir sharoitda mamlakatga rahbarlik qilish mas`uliyatini o`z zimmasiga oldi” deya ta`kidlagan edi.
Odatda, jahon hamjamiyati oldida, davlat obro`-e`tibori odatda ma`lum bir siyosiy lider bilan aniqlanadi, davlatning muvaffaqiyatlari va kamchiliklari uning nomi bilan ham bog`liqdir.
Shuni ta`kidlash joizki, O`zbekistonning jahon hamjamiyatiga tez kirishi, uning butun dunyoda tezkor tan olinishi va xalqaro maydonda siyosiy vaznga erishishi Birinchi Prezident Islom Karimovning sa`y-harakatlari tufayli amalga oshirildi. Buning isboti taniqli siyosatchilar va dunyoning etakchi davlatlari rahbarlarining bayonotlarida bir necha bor o`z tasdig`ini topgan.
Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimovni “Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga va mintaqada ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo`shgan va tinch tashqi siyosat olib borgan, o`z davlatining haqiqiy vakili, eng obro`li davlat vakili” deb atadi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko uni “O`zini xalqiga va davlatiga xizmat qilishga bag`ishlagan yorqin rahbar” deb ta`rifladi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev “Prinsipial va izchil siyosat” Karimovni nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham katta obro`-e`tiborga erishtirganini ta`kidladi.
Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev mustaqillik yillarida O`zbekiston hayotida ro`y bergan keng ko`lamli o`zgarishlar, mamlakatning iqtisodiy salohiyati va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi yuksalgani, aholi turmush darajasi oshgani bevosita Islom Karimov nomi bilan bog`liq ekanini e`tirof etgan.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Islom Abdug`anievich davlat mustaqillikni qozonganidan keyin mamlakatni rivojlantirishda butun davrning mohiyati va mazmunini ko`p jihatdan aniq belgilagan mashhur davlat arbobi sifatida o`zbek xalqining tarixiga kirganini qayd etgan.
Uning etakchilik qobiliyati xalqaro tashkilotlar rahbarlari tomonidan e`tirof etildi. Masalan, BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun prezident Islom Karimovning O`zbekiston va BMT o`rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy va global tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi ezgu ishlarini alohida ta`kidladi.
Darhaqiqat, shzining donoligi va fidoyiligi tufayli u keng ko`lamli siyosatchi sifatida mamlakat tashqarisida ham munosib o`rin egalladi. Ko`p o`ylangan, prinsipial va izchil siyosat, tashkilotchilik iste`dodi, eng murakkab vazifalarni hal etishidagi yondashuvi Islom Karmiovga nisbatan odamlarda muhabbat, chuqur hurmat va butun dunyoda ulug`vor obro`-e`tibor uyg`otdi.
Birinchi Prezidentimiz har bir liderda ham bo`lavermaydigan erkin, demokratik, iqtisodiy jihatdan mustahkam, tinchliksevar va butun dunyoga ochiq bo`lgan yangi davlatni yaratishdek eng katta tarixiy missiyaga ega edi. U davlatimizning poydevorini qo`yib, tarixining eng qiyin davrida yanada rivojlanishini belgilab, mamlakatni ozodlikka olib chiqdi va uning barqarorligini ta`minladi.
Islom Karimov davlatning haqiqiy suvereniteti yuzaga kelishidagi eng muhim davrida, shuningdek, bizning zamonaviy tariximizning eng xavfli davrida bizga etakchi bo`ldi. U mamlakatni iqtisodiy inqiroz xavfidan olib chiqishga muvaffaq bo`ldi va keng ko`lamli islohotlarni amalga oshirdi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizning milliy manfaatlarini va tashqi siyosatining asosiy tamoyillarini aniq belgilab berdi. Shaxsan Prezidentning ishtirokida va uning bevosita rahbarligi ostida ishlab chiqilgan O`zbekiston Konstitusiyasida mamlakatning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo`l bilan hal qilish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va boshqa umum e`tirof etilgan tamoyillarga va xalqaro huquq normalariga asoslangan holda mustahkamlandi.
O`zining ko`plab asarlarida Birinchi Prezident mamlakatni yanada rivojlantirish strategiyasini aniq va ravshan bayon etdi va vaqt o`tishi bilan u o`z samarasini berdi. Ta`kidlash joizki, Birinchi Prezidentning asarlari davlat va jamiyatni rivojlantirish strategiyasidan tashqari ko`pgina muammolarni tahlil qilgan, boshqa tillarga tarjima qilingan va jahonning ko`plab davlatlarida yuksak maqtov va e`tirofga sazovor bo`lgan. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O`zbekiston sharoitida uni bartaraf etish yo`llari va choralari" kitobi xorijiy davlatlarning rasmiy, biznes va ekspert-tahlil doiralarida keng yoritildi. O`zbekistonning Dehli va Islomobod shaharlaridagi elchixonalarida, Amerika Qo`shma Shtatlarining siyosiy, akademik va ishbilarmonlari doiralarida, Iordaniya poytaxti Amman shahrida ushbu kitobning taqdimoti bo`lib o`tdi. Misrda Qohira universitetining Jahon iqtisodiyoti va siyosat fakultetida "Jahon moliyaviy inqirozi va uni engib o`tish yo`llari: O`zbekiston misolida" mavzusida seminar bo`lib o`tdi. Seminar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining kitobini Misrda arab tilida chop etilishiga bag`ishlandi. Kitob Fransiyada “Georama editions” nashriyoti tomonidan fransuz tilida chop etildi.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklarining poytaxti Abu-Dabi shahrida, Qatar universitetida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning arab tilida nashr etilgan «Yuksak ma`naviyat - engilmas kuch» kitobining taqdimoti bo`lib o`tdi. Ushbu kitobning ozarbayjon tilidagi nashri taqdimoti Boku shahrida o`tkazildi.
Xorijiy ekspertlar Islom Karimovning asarlari chuqur o`rganishga loyiq jiddiy tahliliy ishlar ekanligini, shuningdek, muallifning fikrlashi va dunyo qarashi vatanparvarlik tuyg`ularini aks ettirganini va Vatan va uning xalqiga bo`lgan cheksiz sevgining samarasi ekanini bir necha bor ta`kidladilar.
O`z ishlarida Islom Karimov mamlakatdagi va dunyodagi dolzarb masalalarning haqiqiy ko`rinishini taqdim etgan va u o`quvchilarni nafaqat mustaqillikka erishganidan so`ng xalqning zamonaviy hayoti, milliy tushuncha va axloqiy qadriyatlarni qayta tiklashdagi dolzarb muammolarini, balki, ko`p asrlar davomida shaklllangan tarixiy, madaniy, ma`naviy tashkil topishini ham tanishtirgan.
Mustaqillikning dastlabki yillarida tashqi siyosatning samarali amalga oshirilishini ta`minlaydigan mustahkam huquqiy baza yaratildi, yuzlab qonunlar qabul qilindi. Islom Karimov o`z boshqaruvi davomida O`zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligini, uning hududida xorijiy davlatlarning harbiy baza va ob`ektlarini joylashtirishga yo`l qo`yilmasligini ta`minladi. O`zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida qilgan ma`ruzasida O`zbekiston harbiy-siyosiy bloklarga qo`shilmaslik maqomini saqlab qolishini ta`kidladi.
Birinchi Prezident xalqaro munosabatlar sohasida kadrlar tayyorlashga alohida e`tibor qaratdi. Jahon iqtisodiy aloqalari, davlatlararo munosabatlar va diplomatiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash zarurligini e`tiborga olib O`zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatga kirishi, xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik, iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalar o`rnatish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1992 yilda Prezident farmoni bilan tashkil etildi.Bugungi kunda ushbu universitet o`zining 25 yilligini nishonlamoqda.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, O`zbekiston davlatchiligi asoschisi, Birinchi Prezident keng miqyosda xalqaro e`tirof etilgan global tashabbuslarni ilgari surdi.
Mamlakatning ijobiy imijini shakllantirishda Prezident Islom Karimovning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, ekologik muammolarni hal etish, sog`liqni saqlash tizimini mustahkamlash, fan va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etdi va amalda o`z natijalarini ko`rsatdi.
Birinchi Prezidentning eng yorqin tashabbuslari orasida BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida yuqori minbardan turib ilgari surilgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to`g`risidagi g`oyasi alohida o`rin tutadi.
Mintaqada ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka erishish bo`yicha kiritilgan takliflar ham keng qo`llab-quvvatlandi. O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 1993-yili Markaziy Osiyodagi beshta davlat rahbarlari Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha kuchlarni birlashtirish maqsadida Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasini tuzishdi. 2008 yili ushbu jamg`armaga BMT Bosh Assambleyasi huzurida kuzatuvchi maqomi berildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirgan tashabbuslari, xususan 1999 yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo`yicha xalqaro markaz tashkil etish g`oyasini va 2008 yili Buxarestda bo`lib o`tgan NATO/SEAP Sammitida Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida “6+
O`zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining asoschilaridan biri, ulkan iqtisodiy va geosiyosiy salohiyatga ega davlat sifatida uning faoliyatida alohida o`rin tutadi. Mamlakatimiz ShHTga 2003-2004, 2009-2010 hamda 2015-2016 yillarda raislik qildi. O`zbekistonning tashkilotga birinchi raisligi ham ShHT faoliyatini yangi mazmun bilan boyitgan. 2004 yil 17 iyunda Toshkentda bo`lib o`tgan sammit doirasida poytaxtimizda tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organi – Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo`mitasi ochilgan.
2010 yil 11 iyun kuni Toshkentda o`tgan sammitda ham tashkilot doirasidagi masalalarni hal etishda muhim hujjatlar – ShHTning ish yuritish qoidalari va ShHTga yangi a`zolarni qabul qilish tartibi to`g`risidagi Nizom imzolangan. O`zbekistonning tashkilotga ikkinchi raislik davrida amalga oshirgan faol diplomatik faoliyati tufayli, 2010 yil aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatimizga tashrifi chog`ida ShHT va BMT kotibiyatlari o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi Qo`shma deklarasiya imzolandi. Bu Shanxay hamkorlik tashkilotining mazkur global tuzilma bilan o`zaro aloqalariga asos bo`lib kelmoqda. Tashkilotning 2010-yil iyun oyida Toshkentda bo`lib o`tgan sammiti chog`ida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta`kidlaganidek, ushbu hujjatning qabul qilinishi “ShHT oldida turgan vazifalarni hal etishda BMT minbaridan yanada faolroq foydalanish, jumladan, uning doirasida ShHTga a`zo davlatlarning manfaatlarini ifodalovchi masalalarni birgalikda ilgari surish imkonini beradi”.
Birinchi Prezidentimizning inson huquqlarini ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlari alohida e`tiborga molik. Mustaqillik yillarida O`zbekiston inson huquqlari bo`yicha 80 dan ortiq xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qildi va ularni milliy qonunchilikda muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Misol sifatida "Bola huquqlarining kafolatlari to`g`risida"gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonunlarni qabul qilinishini, "O`zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmonini, Ombudsman instituti, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi, "Habeas corpus" institutlarini joriy etilishini, o`lim jazosi bekor qilinganligini aytib o`tish mumkin.
Shuni ta`kidlash joizki, Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 1997 yili Inson manfaatlari yili, 1998 yil Oila yili, 1999 yil Ayollar yili, 2000 yil Sog`lom avlod yili, 2001 yil Ona va bola yili, 2002yil qariyalarni qadrlash yili, 2003 Obod mahalla yili, 2004 Mehr muruvvat yili, 2005 yil Sihat-salomatlik yili, 2006 yil Homiylar va shifokorlar yili, 2007 yil Ijtimoiy himoya yili, 2008 yil Yoshlar yili, 2009 yili Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili, 2010 yil Barkamol avlod yili, 2011 yil Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, 2012 yil Mustahkam oila yili, 2013 yil Obod turmush yili, 2014 yil Sog`lom bola yili, 2015 yil Keksalarni e`zozlash yili, 2016 yil Sog`lom ona va bola yili, deb e`lon qilingani hamda shu munosabat bilan tegishli davlat dasturlarining bajarilgani bu boradagi ezgu sa`y-harakatlarning izchil davomi bo`lib xizmat qildi. Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish davrida O`zbekiston o`z dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Masalan, "Sog`lom ona - sog`lom bola" konsepsiyasi jahonda e`tirofga sazovor bo`ldi. Ushbu konsepsiyaning izchil amalga oshirilishi tufayli keyingi besh yilda mamlakatimizda har 100 ming chaqaloqqa nisbatan onalar o`limi 23,1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi 14,8 tadan 13,9 taga, chaqaloqlar o`limi 11 tadan 10,7 taga kamaydi. Ushbu ko`rsatkichlar bo`yicha O`zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to`liq erishdi.
Birinchi Prezidentimizning ma`naviy va madaniy merosimizni tiklash borasidagi ezgu ishlari alohida ahamiyatga ega. Uning sa`y-harakatlari tufayli butun dunyo xalqimizning boy tarixiy va ma`naviy merosini biladi, bu esa davlat obro`-e`tiboriga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. U ko`plab asarlarida, ma`ruzalarida va nutqlarida doimo insoniyat uchun katta boylik hisoblangan ma`naviyatni jamiyat hayotida muhimligini takror-takror ta`kidlagan.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilishiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, “Buyuk Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ma`naviy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko`tarildi. U kishi “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak” degan o`zining g`oyasiga bir umr amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratdilar” deb ta`kidlab o`tdi.
O`zbekiston davlati rahbarining takliflari va tashabbuslari, inson huquqlarini hurmat qilishni ta`minlash va jamiyatning bag`rikengligini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berganligi uning kuchli siyosatchi va mamlakatning haqiqiy rahbari bo`lganligidan dalolat beradi. Bu O`zbekistonning demokratik, jadal rivojlanib borayotgan siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror davlat sifatida namoyon bo`lishiga zamin yaratdi.
Islom Abdug`anievich, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti - bizning davrimizning buyuk inson edi, o`z hayotini o`z xalqiga xizmat qilishga bag`ishladi. U o`z xalqiga o`z qadr-qimmati bilan sodiqlikni ko`rsatdi va ishonchini oqladi - mustaqillikning 25 yilligi mobaynida tinchlik va barqarorlikni, xalqimizning farovonligini ta`minladi va bizni buyuk kelajak sari etakladi.
U iqtidorli, iste`dodli, dono va uzoqni ko`ra olgan qobiliyatli siyosatchi. Qudratli va kuchli davlat tuzishga ishongan va hayotini bu buyuk orzuni amalga oshirish uchun bag`ishlagan siyosatchi. Milliy manfaatlarni hisobga olgan holda tashqi siyosatni olib borishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni yo`lga qo`yib ochiq muloqotga tayyor siyosat olib bordi.
Fidoyilik bilan doimiy ish olib borganligi va oqilona siyosati tufayli, mamlakatda tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda. U tinchlikni saqlashga, xalqini eng qiyin vaziyatlarda himoya qilishga, bizni har qanday tahdidlardan himoya qilishga muvaffaq bo`ldi. Vaqt o`tishi bilan biz uning siyosati qanchalik oqilona ekanini, uning har bir qarorini va so`zini qanchalik haqqoniyligini bilib oldik. Uning oqilona siyosati davlat rahbarining namunasi bo`lib xizmat qiladi. Strategik fikrlash, tarixni kuzatish qobiliyati, uzoqni ko`ra bilib amalga oshirilgan va muvozanatli siyosat uni dunyodagi e`tiborli siyosatchilar qatoriga qo`ydi. Bundan tashqari, uni haqli ravishda xalqini ilhomlantira biladigan notiq sifatida e`tirof etish mumkin. Mustaqil O`zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqiqatan ham ana shunday buyuk shaxs edi.
F.Xamdamova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o`qituvchisi
Z.Mirzaboev,
Toshkent Xalqaro Vestministr universiteti, Xalqaro tijoriy huquq magistri






