AsosiyJamiyat

Sh.MIRZIYoEV:"PAXTANI FOYDA BERSA HAM, FOYDA BERMASA HAM EKAVERISh VAQTI O`TDI"

'Sh.MIRZIYoEV:"PAXTANI FOYDA BERSA HAM, FOYDA BERMASA HAM EKAVERISh VAQTI O`TDI" 'ning rasmi

"Paxtani foyda bersa ham, foyda bermasa ham ekaverish vaqti o`tdi. Daromad bermadimi, boshqa ekin ekish kerak. Masalan, qizilmiya bu er iqlimi va sharoitiga mos keladi. Shunday ekan, nima uchun uni ko`paytirishni yo`lga qo`masligimiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoev Chimboy tumaniga qilgan tashrifi chog`ida. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Chimboy tumanidagi «Lanextrakt» qo`shma korxonasida qizilmiya ildizidan ekstrakt ishlab chiqariladi. Korxonada yiliga 30 ming tonna qizilmiya ildizi qayta ishlanib, 1,3 ming tonna ekstrakt tayyorlanadi. Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonada 200 ish o`rni yaratilgan.

Prezidentimiz Qoraqalpog`iston Respublikasida farmasevtika plantasiyalarini tashkil etish va etishtirish loyihasi bilan ham tanishdi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo`stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to`g`risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilib, mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlari va resurslar salohiyatidan samarali foydalanish orqali yangi ish o`rinlari yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Hududda farmasevtika sanoatini rivojlantirish yo`nalishida 2018-2019 yillarda qiymati 27 million dollarga teng 17 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 37 turdagi farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi va ularning ma`lum qismi eksport qilinadi.

Nukus shahridagi «Nukus Med Tex» MChJ tomonidan tibbiy buyumlar, «Berlin farm» MChJ tomonidan onkologik dori vositalari ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi. To`rtko`l tumanidagi «To`rtko`l shisha idishlari» MChJda farmasevtika shisha idishlari tayyorlanadi.

Prezidentimizga shu kabi farmasevtik mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha loyihalar taqdim qilindi. Shuningdek, loyihalarda sellyuloza ishlab chiqarish haqidagi ma`lumot ham o`rin oldi. Ikki bosqichda amalga oshiriladigan mazkur loyiha qog`oz ishlab chiqarishdan tayyor mahsulotgacha bo`lgan jarayonni o`z ichiga oladi.

    Boshqa yangiliklar