AsosiyJamiyat

KONTEYNERDA BOShQA, HUJJATDA BOShQA

'KONTEYNERDA BOShQA, HUJJATDA BOShQA'ning rasmi

Amaldagi tartiblarga muvofiq, respublika hududiga qalbakilashtirilgan mahsulotlar va tovarlarni noqonuniy olib kirishga chek qo`yish maqsadida bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirayotgan yuk tashuvchilar chegarani kesib o`tgan joyidagi bojxona organlariga o`tkazilayotgan tovarlar to`g`risidagi ma`lumotni, shu jumladan ularning nomi, miqdori, vazni va yuklar qiymati, tegishli tovar kodlari haqidagi ma`lumotni taqdim etishlari shart.
Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” chegara bojxona posti xodimlari Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda Xitoy davlatidan mas`uliyati cheklangan jamiyat nomiga kelgan konteyner korxona rahbari E.Toshev (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) ishtirokida ochilib, ko`zdan kechirilganda mazkur konteynerda yo`l-yuk hujjatlarida qayd etilgan umumiy qiymati salkam 7000 AQSh dollarini tashkil etuvchi, vazni 26 tonnadan ortiq “Pol uchun qoplama” tovari o`rniga yuk kuzatuv hujjatlarida umuman ko`rsatilmagan turli xil kiyim-kechak, kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari yuklanganligini fosh etishdi.
Daliliy ashyo sifatida vaqtincha olib qo`yilgan tovar moddiy boyliklarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra 2 milliard 100 million so`mdan ortiqni tashkil etdi.

IMG_0763.JPG

Shunga o`xshash holatda mazkur post xodimlari Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda horijdan poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan mas`uliyati cheklangan jamiyat nomiga kelgan konteynerni o`rnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazishganda yo`l-kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan umumiy qiymati 4315 AQSh dollariga teng, vazni salkam 17 tonnani tashkil etgan “Poliuritan qoplamali tekstil mahsulotlari” o`rniga umumiy qiymati salkam 2 milliard so`mni tashkil etuvchi kiyim-kechak va boshqa mahsulotlar ortilgani aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan bojxona qoidabuzarliklari yoki bojxona xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar bojxona boshqarmasining 120-76-71 - “Ishonch telefoni” raqamiga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligini eslatib o`tamiz.

    Boshqa yangiliklar