Bir vaqtning o`zida ham taomdan lazzatlanish, ham ozishning iloji bormikan? Yo`q, deysizmi? Ammo shvesiyalik olimlar bu ayni haqiqatning o`zi ekanligini ta`kidlamoqda. Ular kashf etgan parhezning shiori: «Tarkibida uglevodlar kam, ammo yog`lari ko`p bo`lgan mahsulotlarni iste`mol qil!» Ammo bu shiorning bir qoidasi bor, u ham bo`lsa, siz faqat haqiqatan och qolganingizda ovqat eyishingiz kerak. Buning uchun esa organizm berayotgan signallarni farqlashni o`rganish lozim. Qanday qilib deysizmi? Xuddi o`sha yog`li ovqatlar yordamida!
Shirinlikmi yoki go`sht?
Kishi qancha kam yog` iste`mol qilsa, unga to`yganlik hissi shuncha kech seziladi. Gap shundaki, foydali yog`lar ovqatga to`yganlikni bildirish uchun javob beruvchi xolesistokinin gormoni ishlab chiqarilishiga ta`sir qiladi. Bundan tashqari, inson tanasiga yog` etishmaganda shirinlik eyish ishtiyoqi ortib boraveradi. Uglevodli taomlar esa shakar va kraxmalga boy bo`lib, qondagi qand miqdori oshib ketishiga olib keladi. Insulin ishlab chiqarish pasayib ketgach, qondagi qand miqdori birdaniga kamayib ketadi va kishida «asoslanmagan» ochlik hissi paydo bo`ladi. Va yana bir bora shirinlikka qo`l cho`zganingizni o`zingiz ham sezmay qolasiz.
Ochlikni stress deb qabul qilgan kishi o`zi sezmagan holda shirinlikka ruju qo`ya boshlaydi. Shirinlik iste`mol qilgach, baxtiyorlik gormoni ishlab chiqarish miqdori oshadi va kayfiyat yaxshilanadi. Ammo buning salbiy tarafi shundaki, kishi qancha ko`p shirinlik iste`mol qilsa, bunga kun sayin ko`nikishi oshib boraveradi.
Yog`li ovqat iste`mol qilganda esa aksincha, qondagi glyukoza miqdori ko`tariladi-yu, ammo birdan tushib ketmaydi. Shu sababli yog`li taom iste`mol qilgan kishi uzoqroq muddat o`zini to`q bo`ladi.
Mahsulotlar piramidasi
Odatda parhezga ayollarni qiynovchi ozish uslubi sifatida qaraladi. Ammo bu parhez turini «ayollarni qiynovchi uslublar» qatoriga qo`shib bo`lmaydi. Bunda oqsilga boy mahsulotlar ko`p bo`lsa-da, boshqa parhez turlaridan tamoman farqli. Ba`zi parhezlarda uglevodlar iste`mol qilish umuman mumkin emas, chunki u salomatlik uchun xavfli degan fikr mavjud. Ammo tana uchun yog`ning ham, uglevod va oqsillarning ham o`z o`rni bor. Quyida iste`mol qilishingiz mumkin va mumkin bo`lmagan mahsulotlar ro`yxati bilan tanishing:
Mumkin emas: gazli suv, kolbasa mahsulotlari, margarin, banan, chips, non (kepaklisi ham mumkin emas), kartoshka, jo`xori, sabzi, no`xat, meva sharbatlari, yarim tayyor mahsulotlar va konservalar.
Kam miqdorda mumkin: sut, yangi siqilgan sabzavot sharbatlari, yong`oqlar, achchiq shokolad.
Mumkin: tuxum, baliq, mol go`shti, brokkoli, pomidor, karam, pishloq, qaymoq, sariyog`, zaytun, avokado, qahva.
Ammo bunday parhez buyrak va jigar kasalliklari bilan og`rigan bemorlarga tavsiya etilmaydi.
Shirin AKBAROVA tayyorladi






