Yangi yil archasini uy sharoitida xona ichiga o`rnatayotganda, uni bemalol ko`chirish mumkunligiga va eshiklarni to`sib qo`ymasligiga alohida e`tibor qaratish lozim. Archani tez yonuvchan o`yinchoqlar bilan bezatish, uning pastki qismini paxta bilan qoplash, yog`ochni yonuvchi shamlar bilan bezatish aslo mumkin emas.
Mazkur qoidalar tabiiy shu bilan birga plastikdan yasalgan (sun`iy) archalarga ham birdek tegishli hisoblanadi. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, plastikdan yasalgan (sun`iy) archalar yonganda o`zidan juda ham zararli moddalar chiqaradi. Yonib turgan plastmassa tomchisi inson terisiga tushsa, hatto cho`g` bo`lgan ko`mirdan ko`ra ko`proq ziyon etkazishi mumkin.
Bayramdan keyin archani iloji boricha tezroq yig`ib olish kerak. Plastikdan yasalgan (sun`iy) archani keyingi bayramgacha xavfsizroq joyga olib qo`yish, tabiiy archani esa uy ichidan olib chiqish maqsadga muvofiq. Sababi, qurigan daraxt tez yonib ketish xavfi bor.
Elektr tokida ishlovchi o`yinchoqlar bilan foydalanganda (girlyandalar) albatta sinchiklab tekshirish kerak. Birinchi navbatda, ularning izolyasiyasiga e`tibor qaratish zarur. Shuningdek, bunday turdagi o`yinchoqlar tegishli sertifikatga ega bo`lgan ekanligiga ishonch hosil qilish lozim. Agar ularning yaroqlilik muddati o`tib ketgan bo`lsa, u holda elektr tokida ishlovchi o`yinchoqlar inson salomatligiga xavf tug`diradi.
Ko`pchilik yangi yil bayramiga mushaklar va boshqa pirotexnika vositalarini xarid qilishni istaydi. Ammo shuni yodda tutish lozimki, pirotexnika vositalaridan foydalanish nafaqat yong`inni keltirib chiqaradi, balki og`ir jarohatlarga ham sabab bo`ladi.
15.12.2017 10:38
FVV YaNGI YIL ARChASINI O`RNATISh BORASIDA O`Z TAVSIYaLARINI BERDI






