AsosiySUG'DIYONA

OLMOS QIYMATI

'OLMOS QIYMATI'ning rasmi

Bir tadbirkor Afrikada ulkan olmos sotib olibdi. Olmos juda katta, tovuq tuxumi sarig`icha kelar ekan. Ammo xaridor olmosning ichi kattagina darz ketganini ko`rib, xafa bo`libdi. U olmosni zargarga ko`rsatgan ekan, zargar shunday debdi:

— Bu juda ajoyib olmos, agar uni o`rtasidagi darz bo`ylab teng ikkiga bo`la olsangiz, har biri shu olmosdan ikki barobar qimmat brilliantga aylanadi. Ammo agar bo`layotganda sal noto`g`ri harakat qilsangiz, tosh maydalanib ketadi va uni yarim bahosiga ham sota olmaysiz.

Tadbirkor toshni o`sha darz bo`ylab teng ikkiga bo`lib bera oladigan insonni qidira boshlabdi. Qaerga xizmat safariga bormasin, o`sha mamlakatdagi eng mohir zargar-ustalarga toshni bo`lib berish iltimosi bilan murojaat qilar ekan. Biroq bunga jur`at etadigan odam topilmadi. Oxiri u ish bilan Hindistonga kelibdi. U erdagi bir zargarga ham toshni ko`rsatibdi va muddaosini aytibdi. Shunda zargar nariroqda ishlab o`tirgan shogirdini chaqirib, toshni ichidagi darz bo`yicha teng ikkiga bo`lishni buyuribdi. Shogird hech ikkilanmay qo`lidagi bolg`asi bilan bir zarb uribdi-yu, olmosni teng ikkiga bo`libdi. Shogird o`z ishiga ketgach, tadbirkor hayratlanib zargardan so`rabdi:

— Dunyoning manaman degan mohir ustalari qila olmagan ishni bu shogirding qanday uddaladi?

— U toshning haqiqiy narxini bilmaydi, uni parchalab yuborsa, qanday yo`qotish ro`y berishidan ham bexabar. Shu sababli ishini ikkilanmay bajardi, qo`li titramadi, ehtiroslari junbishga kelmadi. Natijada ishini aniq bajardi.

Hayot oldimizga qo`yadigan jumboqlar, yo`limizdan chiqadigan qiyinchiliklarga qo`rqmay va ikkilanmay, oddiygina qarash, hech narsani murakkablashtirmaslik lozim. Vahimaga berilmay, sodda echimlarni izlash kerak.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Boshqa yangiliklar