Yoshlar ittifoqining sa`y-harakati bilan Samarqand viloyati Tayloq tumanining Ukrach qishlog`ida tug`ilgan Sheroz Suvonov kamida 5 yil qamoq jazosidan qutqarib qolindi, deya xabar berdi O`zA.
Xabarga ko`ra, Samarqanddagi yirik korxonalardan birida ishlagan, jamiyatda o`z o`rnini topishga intilayotgan yoshlardan biri Sh.Suvonov o`z harakatining ijtimoiy xavflilik darajasini bilmasligi oqibatida Telegram messenjeri orqali “Jest i katastrof” kanalidagi jangari videorolikni tanishiga yuborgan. Bu nojo`ya harakati uchun Sherozga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan va u 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin edi.
Yaqinda Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tumani sudi binosida Toshkent shahar sudining sayyor majlisi bo`lib o`tdi. Unda Sheroz Suvonovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.
Sud majlisida O`zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi R.Qobilov, Tayloq tumani kengashi raisi M.Ashurov ham ishtirok etdi va Sh.Suvonov haqida o`z fikrlarini bildirdi.
Jumladan, O`zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi R.Qobilov shunday dedi:
"Sud majlisida Sheroz Suvonovning bu xatti-harakati oqibatini bilmasdan sodir etgani, bu ishidan chin ko`ngildan pushaymon ekanini inobatga olib, uning bu xatosini tuzatishga biz ham yordam berishimizni bildirdik. Sherozning kelgusida bunday nojo`ya ishlar qilmasligi va yoshlar ittifoqining faol a`zosi bo`lib, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish tadbirlarida qatnashishiga, el-yurt uchun kerakli kadr bo`lib etishishiga kafolat berdik”.
Sud yoshlar ittifoqining ijobiy tavsifnomasi va kafolatini inobatga olib, sudlanuvchi Sh.Suvonovga tayinlanishi mumkin bo`lgan 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosini 3 yilgacha axloq tuzatish ishiga almashtirdi.






