Villash-Boash nega ketdi?
Portugaliyalik mutaxassis Andre Villash-Boash «Shanxay SIPG»dagi faoliyatiga yakun yasadi va klubni tark etishga qaror qildi. Bu haqda OFK rasmiy sayti xabar berdi. Villash-Boash buni futboldan dam olmoqchi ekani bilan izohladi. Shanxayliklar unga yana 1 yillik shartnoma taklif qilgan bo`lsa-da, mutaxassis kelishuvni uzaytirishni istamadi.
Avvalroq Andre Villash-Boash yanvar oyida start oladigan Dakar Rally poygalarida ishtirok etishi haqida ma`lumotlar paydo bo`lgandi. Buni mutaxassisning o`zi ham tasdiqladi. 40-bor tashkil etilayotgan Dakar poygalariga bu safar Peru mezbonlik qiladi va unda Villash-Boash Toyota Hilux jamoasi safida mashina haydaydi.
Poygalarda ishtirok etish Villash-Boashlar oilasi uchun yangilik emas, deb yozadi OFK sayti. Uning amakisi Pedro sportning mazkur turida ancha taniqli inson hisoblanadi.
O`z vaqtida «Portu», «Chelsi», «Tottenhem», «Zenit» kabi Evropaning mashhur jamoalariga ustozlik qilgan Andre Xitoy klubi bilan 1 yil avval kelishuvga erishgandi. Uning boshqaruvida «Shanxay SIPG» Osiyo Chempionlar Ligasining yarim finaliga qadar etib bordi va bo`lajak chempion — Yaponiyaning «Urava Reds» klubidan engildi. Xitoy Superligasida shanxayliklar vise-chempion bo`ldi. Bunda Villash-Boash jamoasi Skolari boshchilik qiladigan «Guanjou Evergrand» bilan raqobatda yutib chiqa olmadi. Mamlakat Kubogi finalida ham omad «Shanxay SIPG» klubidan yuz o`girdi.
Shunga qaramay, Villash-Boashning faoliyati yaxshi kechdi deyish mumkin. Uning boshqaruvida «Shanxay SIPG» o`zi ishtirok etgan barcha musobaqalarda etakchilar qatorida turdi va o`z tarixidagi eng yaxshi natijalardan birini qayd etdi.






