Agar farzandingiz bog`chaga borsa yoki boshlang`ich sinfda o`qisa,sizni hoynahoy yangi yil bayramiga taklif qilishgandir. Maslahatimiz, unga, albatta, boring! Axir jondan aziz erkatoyingizni aqlli, chiroyli, iqtidorli va ziyrak ekanligiga yana bir karra amin bo`lish imkoniyatini qo`ldan chiqarmaysiz-ku, to`g`rimi? Ha, aytgancha bayramda jigarbandingiz bilan birdek quvonishingiz uchun siz ham harakat qilishingiz kerakligini unutib qo`ymang!
TAYYoRGARLIK KO`RING!
Bayram kuni ham tayin bo`lgandir. Agar farzandingiz tarbiyachisi yoki muallimi bayram liboslariga ko`maklashishni iltimos qilsa, bosh tortmang (agar buning uchun katta mablag` sarflanmasa, albatta). Balki bayram kiyimlarini tanishlar, qarindoshlardan olib turarsiz yoki o`zingiz tikishingiz ham mumkin. Ko`p hollarda ota-onalar bog`cha va maktabni xizmat ko`rsatuvchi tashkilot deb hisoblashadi. Bu yanglish fikr.Bog`cha va maktab – farzandingizga ta`lim-tarbiya beruvchi yordamchingiz. Bu jarayonda ikki tomon (murabbiy va ota-ona) ham birgalikda harakat qilishi lozim. Shundagina bolada o`sish kuzatiladi.
Bayramni chiroyli va dabdabali o`tkazishni istagan ayrim murabbiylar «yig`di-yig`di»lar uyushtirishadi. Sizdan so`ralgan pulniberishdan oldin «nega? nima uchun? qay darajada zarur?» kabi savollarga javob olishdan uyalmang. Ta`magirlik yuz berishiga yo`l qo`ymang!
TANTANADA IShTIROK ETING!
Bilamiz, bandsiz! Uy ishlari, kenjatoyingiz yoki ishingizdan ortib, bayramga kelishingiz amri mahol. Lekin imkon qadar buning ilojini toping! Axir farzandingiz siz uchun harakat qilyapti, uning she`r va qo`shig`ini aynan siz eshitishingizni xohlayapti. Jajji “bo`rivoy”ingiz yoki “qor parcha”ngiz sahnaga chiqqanda bosh tomoshabin siz bo`lishingiz kerak! Yaqin insoni tomosha qilsa, bola bor aktyorlik mahoratini ishga soladi. Agar mabodo siz va boshqa oila a`zolari ham bayramda qatnasha olmasangiz, bu haqida kichkintoyni avvaldan ogohlantiring, kutib, intizor bo`lmasin. Ota-onalardan biri bayramni videokamerada suratga tushirayotgan bo`lsa, undan nusxa so`rab oling. Shunda oila davrasida bayramni tomosha qilib, bolangizni olqishlash imkoni bo`ladi.
FARZANDINGIZ MEHNATINI QADRLANG!
Bola uchun bu bayram jiddiy va ma`suliyatli hodisa, xuddi imtihon kabi. Unga uzoq vaqt davomida tayyorlandi. Eng asosiysi, hayajonining cheki yo`q. Buni o`zingiz ham sezgandirsiz. Kichkintoy ertayu kech bayrami haqida gapiradi, bir o`zi qolsa, she`r yoki qo`shig`ini xirgoyi qiladi, charchagan bo`lsa ham uyqusi kelavermaydi. Uni qo`llab-quvvatlang, u bilan fahrlanishingizni ayting. Agar tomosha vaqtida she`rini unutib qo`ysa yoki tutilsa, e`tibor qaratmang. «Sendan ko`ra Botir chiroyli raqs tushdi, Aziz tutilmay she`rini aytib berdi» kabi gaplarni umuman ishlata ko`rmang. Eng aqlli va eng iste`dodli bola sizniki! Buni dilbandingizga ayting, u buni eshitishga loyiq! Lekin do`stlarini aslo kamsitmang.
YoDINGIZDAN ChIQMASIN, TOMOShADA MEHMONSIZ!
- Boshqa ota-onalarni ham hurmat qiling. hamma ham o`z bolasini suratga tushirgisi, unga yaqinroq o`tirgisi keladi. Mulohazali odamlarsiz, kelishib ish tuting! Kattalar o`rtasidagi kelishmovchilik bolalarni sarosimaga solib qo`yadi.
- Tomosha vaqtida har bir bolani olqishlang. Bolangiz she`r o`qiyotganida adashib ketsa, tuzatmang. Bu ishni murabbiy bajaradi. Farzandingizni guruhdoshlari turtkilasa, masalani hal qilishga kirishmang. Tarbiyachi bor, unga imlasangiz etarli.
- Bayram davomida tarbiyachi bolalar va ota-onalar ishtirokida biror tanlov yoki tomosha qo`yishni so`rasa, qatnashishdan bosh tortmang. Farzandingiz sizning faolligingizdan ilhomlanadi, quvonadi. Siz ham zavq olishingiz, shubhasiz!
Dilnoza tayyorladi.






