AsosiyJamiyat

OG`U ATROFIDA BIRLAShGAN ZANJIR

'OG`U ATROFIDA BIRLAShGAN ZANJIR'ning rasmi

Giyohvandlikka “asr vabosi”, “umr zavoli”, “taraqqiyot kushandasi” degan ta`riflar berilishi bejiz emas. Chunki u millionlab insonlar hayotiga chang solib, qanchadan-qancha oilalarni parokanda etadi va shu orqali jamiyat rivojiga jiddiy to`siq bo`ladi. Shu bois, dunyo hamjamiyati tomonidan, jumladan, mamlakatimizda ham bu illatga qarshi keng qamrovli kurash olib boriladi.

Mazkur yo`nalishda tizimli targ`ibot-tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan giyohvand moddalarni noqonuniy tarzda etishtiruvchi va oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchilar uni iste`mol qiluvchi kishilar borligi achinarli hol. Yaqinda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarini noqonuniy tarzda etishtirib, oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi.

Xususan, Qarshi shahridagi “Bilayn” kompaniyasi ofisi oldida fuqaro G`anisher Alievning (ism-familiyalar o`zgartirilgan) shubhali harakatlari e`tiborni tortdi. Bu bejiz emasligi tezda ayon bo`ldi: uning egnidagi kurtka cho`ntagida qog`oz parchasiga o`ralgan holatdagi og`irligi 1,2 gramm giyohvandlik moddasi bor ekan.

Ma`lum bo`lishicha, G`anisher mazkur giyohvandlik moddasini avvalroq Rossiya Federasiyasida tanishgan Fozil Salimovdan 70 ming so`m evaziga sotib olgan.

Shundan so`ng tadbir davom ettirilib, Qarshi shahridagi “Erqo`rg`on” dehqon (oziq-ovqat) bozori hududida Fozil Salimov hamda uning boshqaruvidagi “VAZ-2103” rusumli transport vositasi xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Mashinaning haydovchi o`rindig`i ostida sotish uchun mo`ljallangan 5 dona qog`oz parchalariga o`ralgan, og`irligi 6,3 gramm giyohvand modda borligi aniqlandi.

Surishtirishlarda shu narsa ayon bo`ldiki, G`anisher Aliev hamda Fozil Salimovni “zahri qotil” bilan Qarshi tumani Soxtapiyoz qishlog`ida yashovchi Normat Aminov ta`minlab kelgan. Shunga ko`ra, N.Aminovning xonadoni ko`zdan kechirilganida, hovlining turli joylarida 6 tup o`simlik yashirincha parvarishlanayotgani ma`lum bo`ldi. Bundan tashqari, uning yashash uyida hamda Qarshi shahar 5-mittituman 6-uyda vaqtincha istiqomat qilib kelgan xonadonida og`irligi 45,4 gramm bo`lgan quritilgan holdagi giyohvandlik moddalari noqonuniy saqlab kelingani fosh etildi.

Viloyat IIB EKB ekspert xulosalariga ko`ra, ashyoviy dalil sifatida olingan giyohvandlik vositalari marixuana va kannabis ekanligi ma`lum bo`ldi.

Hozirda mazkur huquqbuzarlik holat bo`yicha JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar