Uyning derazalarini xonadonimizning ko`zlari desak, undagi parda va jalyuzlar qosh va kiprik vazifasini bajaradi. Xo`sh, siz mana shu «ko`zlar» hamisha porlab turishini istaysizmi? U holda pardaning matosiga mos yuvish, dazmollash va tartibga keltirish qoidalari bilan tanishing.
! Deraza pardalarini bir yilda ikki marta yuvib turish lozim. Pardaning ustki bezagi qalin matodan ishlangani bois uni chang tozalagich bilan artib olsa ham bo`ladi. Jalyuzlar uchun esa bir oyda bir martalik ozodalik kunlari kifoyadir.
O`ZIMIZ YuVAMIZMI YoKI?
hozirda kimyoviy tozalash xizmatlari pardalarning istalgan turini yangiday qilib berishi mumkin. Ushbu xizmat asosan marvarid yopishtirilgan yoki naqshin kashtalar tikilgan, to`rdan to`qilgan pardalar uchun mo`ljallangan. Ya`ni uy sharoitida yuvishga cho`chisangiz, kimyoviy tozalashga murojaat eting. Narh-navosiga kelsak, parda matosi va uning uzunligiga qarab belgilanadi.
BILIB QO`YGAN YaXShI
- Pardani yuvishdan oldin ochiq havoda yaxshilab changini qoqish lozim;
- So`ngra katta tog`oraga solib, ustidan sovuq suv oqizib qo`yiladi.
- Agar parda matosida kattaroq dog` bo`lsa, kimyoviy tozalash vositalari yordamida unga ishlov bering. So`ng kir yuvish mashinasiga joylashingiz mumkin.
- Dastyoringizga aylangan kir yuvish mashinasi parda matosini g`ijimlab yubormasligi uchun «mayin» (delikatny) tizimiga sozlang.
- Yuvilgan pardani quyosh nurida quritish qat`iyan man etiladi. Aks holda parda matosida sarg`imtir dog` paydo bo`lishi mumkin.
- Rangi va sifatini tez yo`qotishga moyil bo`lgan oshhona pardalarini bir kun avval tuzli suvda ivitib qo`ying. Ertasiga esa kir yuvish kukunini qo`shib, ishni davom ettirsangiz bo`ladi.
- Agar parda matosida yog` dog`iga ko`zingiz tushsa, o`sha joyini sirka va suv aralashmasida artib oling.
- Baxmaldan ishlangan porterlar ustidagi changni yumshoq chyotka bilan artib olsangiz kifoya. Agar porter ustida dog` bo`lsa, spirtda namlangan mato bilan artish lozim.
- Gobelenlarni nam salfetka bilan artib, so`ng chang yutgich bilan tozalang.
- Shokilali porterlarni aslo suvga solib bo`lmaydi. Tozalash uchun nam mato va chang tozalagichdan foydalanasiz, xolos.
MATOSIGA KO`RA ...
TYuL
Nafis mato hisoblangan tyulni yuvish juda oson. Yagona sharti qattiq siqimaslik kerak. Yo`qsa g`ijimi uzoq saqlanib qoladi. Yuvilgan tyulni xo`lligicha ilib qo`yilsa, bir necha soatda qurib, dazmollashga ham xojat qolmaydi.
LABREKEN
Asosiy pardaning yon tarafiga bezak o`rnida ishlatilayotgan labreken matosini yuvish tavsiya etilmaydi. Dag`al mato bo`lgani bilan suv ta`sirida kraxmali kamayib, taranglini yo`qotishi mumkin. Kirlangan labrekenni nam matoda artib olsa bo`lgani.
BAXMAL
Yotoqxona derazalariga ikkinchi parda sifatida tikilayotgan baxmalni kir yuvish mashinasiga solmaganingiz ma`qul. Iliq suvga ivitib, kir yuvish kukuni bilan engil ishqalang-da, qo`lda asta siqib oling. So`ng uzunligicha quriting. Dazmollashda mato tuklarining yo`nalishi bo`yicha harakatlaning.
ORGANZA
Bu turdagi pardani yuvayotganda rangli matolar uchun mo`ljallangan kir yuvish kukuni yoki vositasidan foydalanish lozim. Mato to`qimasi ko`rinishini yo`qotmasligi uchun qattiq siqish ham tavsiya etilmaydi.
ZIG`IR TOLASIDAN IShLANGANI
Zamonaviy intererda zig`ir tolasidan ishlangan matolarni ko`rish odatiy holga aylanib borayotgani sir emas. Ushbu mato suvga chidamli bo`lgani bilan noto`g`ri yuvilganida ko`rinishini yo`qotishi hech gap emas. Ayniqsa matoni qattiq siqsangiz yoki ishqalasangiz, chok qismidan cho`zilib ketadi.
ShOYI
Matolar ichida «injiq»ligi bilan ajralib turuvchi shoyini yaxshisi kimyoviy tozalash xizmatiga berganingiz ma`qul. Ushbu mato yuzasida dog` paydo bo`lishi juda oson. hatto kir yuvish kukuning zarrasi ham bu ishni osongina bajarishi mumkin. Bordi-yu, shoyi pardani uy sharoitida tozalayman desangiz, osh tuzi solingan suvda ivitib, so`ng sovuq suvda chayib oling. Dazmollaganda esa mato namroq (lekin xo`l emas) bo`lishiga ahamiyat bering.
OShXONA PARDASI
PARDA BEZAKLARI






