AsosiyJamiyat

TOShKENTDA MDH HUKUMAT RAHBARLARI KENGAShINING MAJLISI BO`LIB O`TADI

'TOShKENTDA  MDH HUKUMAT RAHBARLARI KENGAShINING MAJLISI BO`LIB O`TADI'ning rasmi

Toshkent shahrida 2017 yil 3 noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Hukumat rahbarlari kengashining majlisi bo`lib o`tadi, deya ma`lum qildi O`zA.

Armaniston Bosh vaziri Karen Karapetyan, Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozog`iston Bosh vaziri Bakitjon Sagintaev, Qirg`iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov, Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, shuningdek, MDH Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev majlisdagi ishtirokini tasdiqlagan.

Ushbu uchrashuvda Ozarbayjon va Turkmanistondan Bosh vazir o`rinbosarlari, Moldovadan mamlakatning MDH ustavi doirasidagi va boshqa organlari huzuridagi muxtor vakili qatnashadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev MDH davlatlari delegasiyalari rahbarlarini qabul qilishi kutilmoqda.

MDH Hukumat rahbarlari kengashining Toshkentda ilk bor o`tayotgan majlisi kun tartibiga 18 ta hujjat loyihalari kiritilgan.

Tor doiradagi yig`ilishda MDH davlatlari o`rtasidagi o`zaro aloqalarning dolzarb masalalari yuzasidan erkin fikr almashish, shuningdek, Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini o`tkazish sanasi yuzasidan kelishib olish ko`zda tutilgan.

Delegasiya a`zolari ishtirokidagi kengaytirilgan majlisda Hamdo`stlik mamlakatlari o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, jumladan, erkin savdo zonasi doirasidagi hamkorlik, neft va gaz mashinasozligi, meliorasiya va tovarlarning bojxona narxlari masalalari muhokama qilinadi.

An`anaga ko`ra majlis doirasida Hamdo`stlik davlatlari delegasiyalarining ikki tomonlama qator uchrashuvlari bo`lib o`tadi.

MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi tadbirlarida rasmiy delegasiya a`zolari va jurnalistlardan iborat 200 dan ortiq mehmon ishtirok etishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar