AsosiyJamiyat

ShHT A`ZO DAVLATLARI OLIY SUDLARI RAISLARINING YIG`ILIShI BO`LDI

'ShHT A`ZO DAVLATLARI OLIY SUDLARI RAISLARINING YIG`ILIShI BO`LDI'ning rasmi

Toshkent shahrida 2017 yil 25 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a`zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o`n ikkinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda Qozog`iston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Mami, Qirg`iziston Respublikasi Oliy sudi raisi A.Tokbaeva, Rossiya Federasiyasi Oliy sudi raisi V.Lebedev, Tojikiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh.Shohiyon, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi o`rinbosari D.Vanxua, Pokiston Islom Respublikasi Oliy sudi katta sudyasi G.Ahmad, Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi V.Kumar, shuningdek, ShHT Bosh kotibi o`rinbosari S.Imandosov va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori o`rinbosari A.Mukashev ishtirok etdi, deb xabar berdi O`zA.

Tadbirda ShHTga a`zo davlatlar Oliy sudlari raislarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash hamda ushbu sohada tajriba almashish borasidagi hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar ko`rib chiqildi. Xususan, investisiyalarni himoya qilishning institusional mexanizmlari, bu sohadagi nizolarni hal etishga qaratilgan qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish masalasi atroflicha muhokama etildi.

Bundan tashqari, ShHTga a`zo davlatlar Oliy sudlari raislarining jinoiy va fuqarolik ishlari bo`yicha huquqiy yordam ko`rsatish samaradorligini oshirishga kelishib olgani jinoyatchilikka qarshi kurashni yanada kuchaytirishda muhim o`rin tutadi.

Majlisda yoshlarni terroristik va ekstremistik guruhlarga jalb etish urinishlariga qarshi kurashish amaliyoti to`g`risidagi masala ham muhokama qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida xalqaro jamoatchilik e`tiborini ushbu dolzarb muammoga qaratdi. Yig`ilishda tomonlar bu boradagi o`zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdi.

Yig`ilish doirasida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov Rossiya Federasiyasi Oliy sudi raisi V.Lebedev bilan uchrashuv o`tkazdi.

    Boshqa yangiliklar