— Aviachiptalarni qaytarish tartibi haqida ma`lumot bersangiz...
Sanjar To`raev, Toshkent shahar Mirobod tumani
“O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati:
— Umuman foydalanilmagan yoki qisman foydalanilmagan aviachiptalar uchun pulni qaytarib berish, sotish qoidalariga ko`ra qaytarilmaydigan aviachiptalardan tashqari, tashuvlar sotilgan mamlakatda amalga oshiriladi.
Qaytarish uchun aviachiptaning amal qilish muddati:
- umuman foydalanilmagan aviachipta uchun – tashuv sotilgan kundan boshlab 1 yil;
- qisman foydalanilgan aviachipta uchun – dastlab rasmiylashtirilgan aviachiptada ko`rsatilgan tashuv boshlangan sanadan boshlab 1 yil;
Tashuvdan ixtiyoriy voz kechilganda tariflarni qo`llash qoidalariga muvofiq tashuv ixtiyoriy rad etilganligi uchun yig`im undiriladi.
Tashuvdan majburiy voz kechilganda (aviakompaniya aybi bilan) summa hech qanday yig`im undirilmagan holda qaytariladi.
Summani qaytarib berishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
- agar umuman foydalanilmagan chipta qaytarilsa, tarifni qo`llash qoidalarida chipta qaytarilganligi uchun jarima yig`imlari ushlab qolish ko`zda tutilgan bo`lsa, shu jarima ushlab qolingan holda qolgan summa qaytarib beriladi. Har xil turdagi tariflarni qo`llagan holda rasmiylashtirilgan aviachipta umuman foydalanilmasdan qaytarilganda, eng cheklangan tarif uchun amal qiladigan jarima sanksiyalari qo`llaniladi.
Agar qisman foydalanilgan chipta qaytarilsa, yo`lovchiga ushbu qaytariladigan segmentda amal qiluvchi chipta qaytarilganligi uchun jarima summasi ushlab qolingan holda tashuvning foydalanilmagan segmenti uchun to`langan summa qaytariladi.
Bunday hollarda qaytariladigan summa quyidagicha hisob-kitob qilinadi:
- qo`llanilgan tarifdan foydalanilgan yo`nalishdagi tashuvlarni sotish kunida amal qilgan bir tomonga tarif summasi ayirib tashlanadi va barcha zarur jarima yig`imlari ushlab qolinadi. Agar bir tomonga tarif summasi e`lon qilinmagan bo`lsa, tashuv sotilgan sanada e`lon qilingan balandroq darajadagi bir tomonga tarif summasi qo`llaniladi.
Parvoz kuponlarining foydalanish navbati buzilgan holda foydalanilmagan tashuv uchun summani qaytarib berishga faqatgina ichki tashuvlarda ruxsat etiladi, tashuvdan majburan voz kechilganda esa yo`nalishdan qat`i nazar summa qaytarib beriladi.






