18 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qo`mitasi raisi Rustam Qurbonov sport jamoatchiligi faollari huzurida boks bo`yicha jahon chempionatida g`olib bo`lgan va sovrinli o`rinlarni egallagan yurtdoshlarimizni yuksak natijalar bilan tabriklab, ularga zarbop to`nlar kiygizdi hamda pul mukofotlari sertifikatlarini topshirdi. Bu haqda Qo`mita axborot xizmati xabar berdi.
Boks bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi Germaniyaning Gamburg shahrida o`tkazilgan jahon chempionatida bitta oltin, uchta kumush va ikkita bronza medal jamg`arib, ilk marotaba umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egallagan edi.
Yilning eng nufuzli musobaqasida Shahram G`iyosov barcha raqiblarini mag`lubiyatga uchratib, jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo`lgandi. -69 kg vazn toifasida oltin medalni qo`lga kiritgan hamyurtimiz AIBAning “Twitter” ijtimoiy tarmog`idagi rasmiy sahifasida o`tkazilgan so`rovnoma natijasiga ko`ra, “dunyoning eng yaxshi bokschisi”, deb tan olingani diqqatga sazovor.
Jahon chempionatida Hasanboy Do`smatov, Jasur Latipov va Iqboljon Xoldorov kumush, Bektemir Meliqo`ziev va Sanjar Tursunov bronza medaliga sazovor bo`lishgan edi.
Shu kuni Jismoniy tarbiya va sport davlat qo`mitasida Tokio-2020 olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik qanday borayotganini tahlil qilayotgan respublika ishchi guruhining navbatdagi majlisida aynan boks federasiyasining faoliyati ko`rib chiqildi.
2017 yilgi mavsum muvaffaqiyatli kechgani e`tirof etilgani holda, kelgusida yangi zafarlarga erishish nimalarga e`tibor qaratish zarurligi muhokama qilindi.






