AsosiyJamiyat

​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV ChEChENISTON RAHBARI RAMZAN QODIROVNI QABUL QILDI

'​PREZIDENT ShAVKAT MIRZIYoEV ChEChENISTON RAHBARI RAMZAN QODIROVNI QABUL QILDI'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 oktyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga, shuningdek, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini alohida ta`kidladi.

Joriy yil aprel oyida Rossiya Federasiyasiga oliy darajadagi tashrif chog`ida imzolangan ikki mamlakat hududlari o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi hukumatlararo bitim turli tarmoqlarda yaqin hamkorlik va kooperasiya aloqalarini mustahkamlash yo`lida yangi imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqinda Sochi shahrida bo`lib o`tgan uchrashuvida tomonlar hududlar darajasidagi aloqalar faollashayotganidan mamnun ekanliklarini bildirib, ushbu hamkorlikni qo`llab-quvvatlashini ta`kidladilar.

Suhbat chog`ida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O`zaro savdo hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Checheniston rahbari O`zbekiston Prezidentiga samimiy qabul hamda otasi Ahmad hoji Qodirov tahsil olgan islom sivilizasiyasining tarixiy markazlarini ziyorat qilish maqsadida mamlakatimizga tashrifini tashkil qilishga ko`magi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, u ko`p millatli o`zbek xalqiga chuqur ehtiromini bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoevning millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni mustahkamlash, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini targ`ib qilish borasida olib borayotgan siyosati va xalqaro tashabbuslariga yuksak baho berdi.

Suhbat so`ngida Ramzan Qodirov ikki mamlakat o`rtasidagi o`zaro manfaatli va ko`p qirrali aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda faol ishtirok etishga tayyor ekanini ta`kidladi, deb yozadi O`zA.

    Boshqa yangiliklar