MURAKKAB AMALIYoT MUVAFFAQIYaTLI O`TDI
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida Amerika Qo`shma Shtatlarining CaroMont Heart klinikasi shifokori bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.
Amerikaning CaroMont Heart klinikasi etakchi kardiojarrohi Aleks Akbarov ushbu markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdi, shifokorlar uchun mahorat darslari tashkil qildi. Yurak xastaligiga chalingan bemorlarni tibbiy ko`rikdan o`tkazib, murakkab jarrohlik amaliyotlarini olib bordi.
– Qashqadaryolik bemor Juma Terievning yuragida qon aylanish faoliyatini tiklash maqsadida aorta koronar shuntlash operasiyasi o`tkazildi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi kardiojarrohi Umidjon Murodov. – Bunday jarrohlik amaliyoti shifokorlardan chuqur bilim va yuqori darajadagi aniqlikni talab etadi. Markazimizda amalga oshirilayotgan bu kabi operasiyalar biz, yosh shifokorlar uchun o`ziga xos mahorat maktabi vazifasini o`tamoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi bilan CaroMont Heart klinikasi kardiojarrohi Aleks Akbarov o`rtasida hamkorlik bo`yicha bitim imzolandi. Mazkur hujjat tibbiyot sohasida o`zaro tajriba almashishni ko`zda tutadi.
Hozirgi kunda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Daniya va AQShning etakchi tibbiyot klinikalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Bu tashxis qo`yish va davolashning zamonaviy usullarida tadqiqotlar o`tkazish, markaz faoliyatida ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, tajriba almashish barobarida yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlarini o`tkazish imkonini bermoqda.






