AsosiyJamiyat

​ShAVKAT MIRZIYoEV URGANCh ShAHRIDAGI YoShLAR MARKAZIDA BO`LDI

'​ShAVKAT MIRZIYoEV URGANCh ShAHRIDAGI YoShLAR MARKAZIDA BO`LDI'ning rasmi

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an`ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarning hayotda o`z o`rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, kasbga yo`naltirish va bandligini ta`minlash, tashabbuslarini rag`batlantirish borasidagi islohotlar yuksak natijalar bermoqda, deb yozadi O`zA.
Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog`i hududida tashkil etilgan markazda yoshlar bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Yosh chevarlar”, “Yosh rassomlar”, “Yosh shaxmatchilar”, “Yosh ijodkorlar”, “Yosh sartaroshlar” kabi o`ndan ortiq to`garak faoliyati yo`lga qo`yilgan.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi farmonida viloyatlar va Toshkent shahrida Yoshlar markazlarini qurish ko`zda tutilgan. Shuningdek, 11 yillik majburiy o`rta ta`lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo`shaydigan kollejlar binolarini O`zbekiston yoshlar ittifoqining tegishli kengashlari ixtiyoriga beg`araz o`tkazish, ularning negizida barcha qulayliklarga, jumladan, kutubxona va kitob do`koniga ega bo`lgan Yoshlar markazlari va zamonaviy yoshlar kinoteatrlarini, shuningdek, yoshlarni, ayniqsa, ularning uyushmagan qismini kasb-hunarga to`lovsiz o`qitish markazlarini tashkil etish ko`zda tutilgan.
Prezidentimiz Urganch shahridagi Yoshlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Biz bu kabi zamonaviy inshootlarni ko`plab qurishimiz mumkin. Lekin uning ichida qanday ta`lim-tarbiya olish, hunar o`rganish siz yoshlarning intilish va tashabbuslaringizga bog`liq, dedi davlatimiz rahbari. Xorazmlik yoshlar bu borada boshqalarga o`rnak bo`lishi kerak.
Prezidentimiz turli sabablarga ko`ra to`g`ri yo`ldan adashib qolgan yoshlarni sog`lom hayotga qaytarishda ularning tengdoshlari yordam berishi kerakligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoev viloyatning bir guruh faol yoshlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi.
Uchrashuvda so`zga chiqqanlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yigit-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

    Boshqa yangiliklar