AsosiySavol-javob

«SOLIQ IMTIYoZIDAN FOYDALANA OLAMIZMI?»

'«SOLIQ IMTIYoZIDAN FOYDALANA OLAMIZMI?» 'ning rasmi

-Farzandim bolalikdan tug`ma nogiron maqomini olganiga ikki yil bo`ldi. Otasi ikkimiz ishlaymiz. Yaqinda bolalikdan nogiron farzandi bor ota yoki ona to`rtta eng kam oylik ish haqi miqdoridagi oylik maoshidan soliq imtiyoziga ega ekanini eshitib qoldim. Ammo shu paytgacha biz bu imtiyozdan foydalanmaganmiz. Endi ham ikki yilgi soliq imtiyozini, uy solig`iga yo`naltirshimiz mumkinmi?

Madina Tursunova,Toshkent shahri

-O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 180-moddasi ikkinchi qismi 12-bandiga muvofiq, bolaligidan nogiron bo`lgan, doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onadan biri daromad olingan har bir oy uchun eng kam ish haqining to`rt baravari miqdoridagi daromadlar bo`yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`idan ozod qilingan. Ushbu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sog`liqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy ma`lumotnomasi va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organining birgalikda yashash haqidagi ma`lumotnomasi asosida beriladi. Bunda, imtiyozlarga bo`lgan huquqlar kalendar yili davomida vujudga kelgan taqdirda, imtiyozlarga bo`lgan huquqlar vujudga kelgan paytdan e`tiboran qo`llaniladi. Shuningdek, ushbu imtiyozni qo`llash jismoniy shaxsning asosiy ish (xizmat, o`qish) joyi bo`yicha, asosiy ish joyi bo`lmagan taqdirda – yashash joyidagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan jami yillik daromad to`g`risidagi deklarasiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chog`ida amalga oshiriladi. Imtiyozga bo`lgan huquq yo`qotilgan taqdirda, jismoniy shaxs imtiyoz yo`qotilgan paytdan e`tiboran o`n besh kun ichida bu haqda undan soliqni ushlab qoladigan yuridik shaxsga ma`lum qilishi kerak. Yuqoridagilardan kelib chiqib, bolaligidan nogiron bo`lgan, doimiy parvarishni talab qiladigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota-onadan biri pensiya guvohnomasi yoki sog`liqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy ma`lumotnomasi berilgan sanadan boshlab imtiyozni qo`llashga haqli. Bundan tashqari, mazkur imtiyozni qo`llash natijasida hosil bo`lgan pul mablag`larini qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarib olishingiz va o`z ixtiyoringizga ko`ra foydalanishingiz mumkinligi ma`lum qilinadi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


    Boshqa yangiliklar