AsosiySUG'DIYONA

ZAMONAVIY AYoL ShIORI: «ULGURMOQ – MUVAFFAQIYaT DEMAKDIR!»

'ZAMONAVIY AYoL ShIORI: «ULGURMOQ – MUVAFFAQIYaT DEMAKDIR!»'ning rasmi

Zamonaviy ayol qanday bo`lishi kerak? Darrov tilingizga «o`qimishli», «chaqqon», «ishda omadi chopgan», «uyni ham, ishni ham eplaydigan», «tutgan joyidan kesadigan» va hokazo sifatlar keladi. Ammo ilg`or biznes-ledi niqobi ostida nozik, inja va himoyaga muhtoj ayol bor. U bir vaqtning o`zida yaxshi uy bekasi, mehribon ona, sevimli yor, e`tiborli dugona va yana ijtimoiy faol inson bo`lmog`i kerak. Shu o`rinda tabiiy savol tug`iladi: bularning bariga u qanday ulguradi?

Biz kuchlimiz!

Zamonamiz ayollarining vaqti juda tig`iz. O`ylagan ishlarining barini amalga oshirishga ko`pincha fursatlari etmaydi. Davr shiddatiyu voqealarning tez rivoji esa «ulgurish» muammosini yanada o`tkirlashtiradi. Ish, uy, bolalar, oila, bozor-o`char, dugonalar… Albatta, o`z tashqi ko`rinishini ham unutmasligi lozim. Shu sababli ayollar ko`p narsani qurbon qilishlariga to`g`ri keladi.

Bir qarashda hammasiga ulgurish imkonsizdek. Ammo bekorga ayolning joni qirqta deyishmagan. Buni hatto olimlar ham tasdiqlashgan. Ularning aniqlashicha, ayollar organizmidagi quvvat (energiya) erkaklarnikiga nisbatan ko`proq ekan. Bundan tashqari, ayollar ijobiy taassurotlar, jo`shqin tuyg`ular vositasida bu energiyani yanada ko`paytirish qobiliyatiga egadirlar. Masalan, oddiygina bozor aylanishu dugonalar bilan ikki soat g`iybatlashuv ayol kishiga naqd bir oyga etarlik quvvat bag`ishlaydi! Asosiysi, ayol qiladigan ishidan zavq olsin, uni istab, sevib bajarsin.

Ishlaydigan ayol qachon dam oladi?

Ishlaydigan ayollarning kundalik yugur-yuguri erta tongdanoq boshlanadi. Ular quyosh bilan birga turadilar desak, mubolag`a bo`lmas. Nonushta tayyorlash, o`ziga qarab olish, bolalarni bog`cha yoki maktabga, erni ishga kuzatish, keyin tiqilinch jamoat transportida yoki tirband yo`llar aro shaxsiy ulovda ishxonaga etib olish, kun bo`yi ishlab, kechqurun yana o`sha bitmas-tuganmas tashvishlarga to`la ro`zg`or bag`riga qaytish… Bu zamonaviy ayolning umumlashtirib qisqacha bayon etilgan kun tartibi.

Shoshmaymiz!

Aksar ayollar hammasiga ulgurish uchun shoshadilar, shoshqaloqlik esa, ma`lumki, yaxshi natijalarga olib kelmaydi. Zamonaviy ayolning hordiq chiqarishga umuman vaqti yo`q. O`ziga qo`l silkib, holdan toyguncha ishlash kun kelib sog`liqqa shunday pand beradiki, keyin uni tiklash oson bo`lmaydi. Shu sababli birinchidan, hech shoshmang, ikkinchidan esa, albatta dam olishga vaqt toping. Vaqtdan samarali foydalanish uchun esa ishlaringizni avvaldan rejalashtirib oling.

Reja tuzamiz!

Buning uchun, avvalo, qiladigan ishlaringizning ro`yxatini tuzing. Keyin ularni uch guruhga ajrating. Birinchi guruhga kechiktirib bo`lmas, zarurlarini kiriting. Keyingi ikki guruhga esa zarur-nozarurligiga qarab boshqa ishlarni tartib bilan qo`shishingiz mumkin. Rejaga butkul amal qilib yashash imkonsiz, shu sababli vaqtingizning ellik foizini rejalashtiring, qolgan elligini esa kutilmagan holatlar uchun zahirada ushlang. har kuni qilmasa bo`lmaydigan yumushlar bor, masalan, uy yig`ishtirish, ovqat pishirish. Ularga ma`lum vaqtni ajrating va televizor, telefon, kompyuter kabi chalg`ituvchi vositalarni unutgan holda belgilangan vaqtda shu ishlarni bajarishga ulguring.

Pishir-kuydir «operasiya»si

Ovqat pishirishda vaqtni tejash uchun o`z tajribamdan ayrim maslahatlarni bermoqchiman. Keyingi paytlarda juda qiziqarli ijodiy rejalarim paydo bo`ldi. Ularni amalga oshirish uchun, tabiiyki, vaqt va kuch kerak. Lekin qorin har kuni ochadi-da. Shunda osonroq va tezroq pishadigan ovqatlar reseptlariga qiziqishim uyg`ondi. Ularni o`rganib, ilk bora dam olish kunlari hech qayoqqa shoshmayotgan paytim tayyorlab ko`raman. O`xshasa, keyin pishiraveraman. Tayyorlanishiga uzoq vaqt ketadigan taomlar (xamir ovqatlar, tortlar, murakkab reseptlar)dan voz kechdim. Ularni faqat yakshanba yoki bayram kuni pishirishim mumkin.

Ovqat pishirishdan ham ko`ra nima ovqat pishirsam ekan degan tashvish ko`proq vaqt va diqqatni oladi. Shuning uchun avvaldan bir haftalik taomnoma tuzib, unga kerakli masalliqlarni ham tayyorlab olaman. Masalan, ertalab sochimga bigudi o`rab bo`lib, o`n daqiqada kechqurungi palovning sabzisini to`g`rab qo`yaman. Yoki ertalab uyg`onishim bilan qaynatma sho`rva solib, birpas qaynatib qo`ysam, kechqurun ishdan kelib tagini yoqib yuboraman, birpasda ovqat tayyor bo`ladi.

Reja bilan ishlash bir daqiqa bo`lsin vaqtingizning zoe ketishiga yo`l qo`ymaydi. hamma ishlaringizni tezgina saranjomlashdan ortgan vaqtingiz sizga foydaga qoladi va uni o`zingiz istagandek sarflashingiz mumkin – xohlang soatlab telefonda yoki ijtimoiy tarmoqda gap soting, xohlang dam oling.

Bolali ayol-chi?

Zamonaviy bolali ayol – alohida mavzu. U, birinchidan, o`zini yaxshi ko`rishi, ikkinchidan, erinchoqlikni unutishi kerak. Uyda bola bilan o`tirgan ayollarning «hech nimaga ulgurmayapman, butun vaqtim va e`tiborimni bolaga bag`ishlashdan o`zga choram yo`q» degan gaplarini eshitsam, ochig`i, ishonmayman. Bu yolg`on! Xohish bo`lsa, hammasiga ulgurish mumkin!

O`zimiz uchun vaqt topamiz!

Birinchi navbatda, bolani ma`lum kun tartibiga o`rgatib olish kerak. Shunda u qachon uxlaydi, qachon ovqatlanadiyu qancha vaqt o`ynaydi – bular aniq bo`ladi, ayol ishlarini unumli rejalashtirib oladi. Agar bola ikkita bo`lsa-chi? Shunda ham amallasa bo`ladi. Yoshi kattaroq, esini tanigan bolalar bilan kelishish osonroq, ularni biron mashg`ulot (rasm chizish, plastilin yoki konstruktor o`yinchoq) bilan band qilib qo`yish, juda bo`lmasa, ukasidan xabardor bo`lib turishga ko`ndirish mumkin.

Hech qachon hamma ishni bola uxlaganda qilaman, deb keyinga surmang. Kichkintoy shunchaki oldingizda o`ynab o`tirishi, emaklab yurishi yoki dadasi (buvisi, bobosi)ning qo`lida bo`lishi mumkin. Shu vaqtlardan unumli foydalansangiz, u uxlaganda o`zingizga e`tibor bera olasiz.

Yosh bolali ayolning kun tartibi boshqa ayollarnikidan farq qiladi. U kechki taomni, albatta, kechqurun tayyorlashi shart emas. Vaqti bo`lganda pishirib muzlatkichga qo`yib qo`ysa, xonadondagilar to`g`ri tushunishadi. Asosiysi, taom mazali va bugun pishirilgan bo`lsin. Ovqat qilayotganda bolaning qo`liga plastmassa idish-tovoq yoki bir bo`lak xamir berib, birga taom tayyorlaymiz deya uni ish bilan mashg`ul qilib qo`yish ham mumkin. Asosiysi, bola bekor va yolg`iz qolmasin.

Tinib-tinchimagan ayollar diqqatiga!

Ayrim yosh bolali ayollar uyda o`tirganlarida biron ish bilan shug`ullanishga ham imkon topadilar. Masalan, hisobchilar, jurnalistlar, o`qituvchilar, tikuvchilar... Ular vaqtlarini unumli tashkil qilib, hammasiga ulgurayotganlarini ko`ramiz. Faqat bu dugonalarimiz yo`l qo`yadigan bir xatolik bor. hamma ishlarini kechqurun bola tungi uyquga ketgan vaqtga qoldiradilar. Afsuski, bu paytga kelib o`zlari ham charchab qoladilar. Qilgan ishlarida unum bo`lmaydi, charchoqdan, yaxshi uxlamaslikdan sog`liqlariga putur etadi. Bola uxlagan vaqtni, takror aytamiz, shaxsan o`zingiz (hordiq chiqarish, manikyur yo pedikyur qilish, vanna qabul etish…)ga sarflang. har kuni bo`lmasa, haftada ikki kun. har kuni yarim kechagacha ishlamang, kun ora shunday qiling. Ishoning, yaxshi dam olgan bo`lsangiz, ishingiz ham unumli kechadi.

Bozorga otlansangiz...

Biron yordamchi topsangiz, kichkintoy bilan bozorga tushib, kiyim-kechaklarni ham sotib olishingiz mumkin. Kiyimlarni tanlayotganingizda yordamchingiz bolaga qarab turadi. Bolali ayol, tabiiyki, bozorda uzoq yura olmaydi. Shu sababli duch kelgan do`konga kirmang. Nima olishingizni aniq bilib, o`sha narsa sotiladigan do`konga bosh suqing. Sotuvchidan maslahat so`rang, shunda vaqtingiz tejaladi, bekorga tentiramay, kerakli narsani tez topib uyga qaytasiz.

Asosiysi, ishlaringizni g`ayrat va mehr bilan amalga oshiring, ulardan zavq oling. Unutmang, ayolning kayfiyati nafaqat o`ziga, balki butun oila a`zolariga tegishli. So`lg`in, charchagan va hech nimaga ulgurmagan baxtsiz qiyofadagi emas, u er-bu eri biroz yoyilgan bo`lsa-da, kulib turgan, mehribon va xushchaqchaq uy bekasi suyumliroq bo`ladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Boshqa yangiliklar