Bilamizki, dastlabki qog`oz Xitoyda yaratilgan va u hozirgi kunga qadar rivojlanib insonlarga qulay shakllarda ishlab chiqarilmoqda. Ammo ishlatilgan qog`ozlarni qayta ishlash hamda uni ishlab chiqarish iqtisodiy tomondan (yog`ochlardan) ancha ko`p vaqt va mablag` talab qiladi. Lekin yuqoridagi holatlarni hisobga olib, qog`ozni yaratgan xitoyliklar qog`ozning yangi ajabtovur turini ishlab chiqarishga muvaffaq bo`lishdi...
Xitoyning Shandong universiteti olimlaridan bir guruhi hamda Kaliforniyaning (AQSh) Lourens universiteti olimlari bilan hamkorlikda nur to`lqinlari yordamida yozish va qayta foydalanish mumkin bo`lgan qog`ozning yangi turini yaratishdi. Yangi turdagi qog`ozda yorug`lik qismining ultrabinafsha nurlari ta`siri ostida rangini o`zgartirish mumkin bo`lgan nanochastotalar ishlatiladi. Bunday nanochastotalarni o`z ichiga olgan eng yaxshi qoplama deyarli har qanday mahsulotlar uchun qo`llanilishi mumkin. Bu jarayon yangi turdagi qog`ozni 120 darajadagi selsiy shkalasi haroratida qizdirish natijasida shakllanadi.
Kaliforniya universitetidagi xitoylik professor Yadong In ixtiro haqida shunday deydi:
— Biz tinimsiz izlanishlarimiz natijasida bir necha marta foydalanish mumkin bo`lgan va qayta yozish imkoniyatini o`zida mujassamlashtirgan qog`ozning yangi “avlodi”ni yaratishga muvaffaq bo`ldik. Bu turdagi qog`ozlarni chop etish uchun hech qanday siyoh yoki printer talab etilmaydi. Ushbu ixtiro iqtisodiy va ekologik muammolarni hamda millionlab tonna qog`ozlarning qayta ishlash zaruratini bartaraf etishda asqotadi, deb o`ylayman. Bu qayta yozish imkoniyatiga ega qog`oz ayniqsa, gazeta, jurnal, plakatlar va boshqa turdagi bosma materiallarni chop etishda qo`l kelishiga ishonaman.





