AsosiyShou-biznes

Ulug`bek XOLIQOV: “ESTRADA TADBIRKORLIKKA AYLANGAN”

'Ulug`bek XOLIQOV: “ESTRADA TADBIRKORLIKKA AYLANGAN”'ning rasmi

"Darakchi" gazetasining "Qaltis savol" loyihasi mehmoni yosh bo`lsa-da, ozmi-ko`pmi o`z muxlislariga ega bo`lishga ulgurgan, izlanishdan to`xtamaydigan xonanda Ulug`bek XOLIQOV...

Musiqiy loyihada ishtirok etib, ijodiy imkoniyatlaringizni sinab ko`rdingiz. Xo`sh, hali nimalarni eplolmas ekansiz?

— Musiqiy loyihada ishtirok etganimga to`rt yil bo`ldi, bu katta muddat. O`sha vaqtda yosh ekanligim va tajribasizligim ijodiy jarayonda sezilgan. Qo`shiq yozish, she`rini yodlash borasida ham tezkorlikka tayyor emasligim pand bergan. Xatolarimdan xulosa chiqarganman.

Ulug`bek Xoliqov, deganda “musiqiy loyiha g`olibi va shou xonandasi”, degan ta`rifni eshitamiz. San`at ta`limini olgan ijodkor sifatida bu marralar sizni qoniqtiradimi, asli ko`zlagan marrangiz qaergacha?

— Musiqiy loyihadagi ishtirokim tasodif­ bo`lgan. Tanishim qo`ng`iroq qilib, qatnashib ko`rishimni aytganida, avvaliga xohlamaganman. Taqdir ekan, loyihada ishti­rok etdim va g`olib bo`ldim. Shouga kelsak, men ishlaydigan telekanal kliplarimni “aylantirib” beradi, evaziga ko`rsatuvda xonandalik qilaman. To`g`ri, musiqa ta`limini olgan ijodkor uchun bular etarlicha cho`qqi emas. Yuqoridagilar ilk odimlar, xolos. Hali ijod qilib, ko`zlagan marralarimga erishishga imkonim bor. Niyatim professio­nal san`atkor bo`lish! Muxlislar qo`shiqlarimni qayta-qayta tinglasa va “zo`r chiqibdi, qoyil!” deganining o`zi men uchun katta yutuq! Qaergacha etib borishimni esa vaqt ko`rsatadi, lekin men ijod qilishdan to`xtamayman.

Sizni hamkasblaringizdan ajratib turadigan o`ziga xos ustun jihatingiz?

— Javob berish qiyin (o`ylanib). Ustun jihatim, balki qo`shiqlarimning she`ri, musiqa va kliplarimning g`oya muallifi va rejissyori o`zim ekanligim, tongga qadar musiqiy sayqalchi bilan birga ishlashimdadir. Ijod qilganimda bor-yo`g`i to`rtta mutaxassis: musiqiy bezakchi, tasvirchi, montaj ustasi, ovoz operatori­ning yordami kerak bo`ladi, xolos.

Sizda homiy, iste`dod bor, lekin ijodda faol emasligingizga nima sabab, hatto biror hamkasbingizga raqobatdoshga aylanishga ham ulgurmadingiz?

— Prodyuserlik markazi bilan o`n oygina ishladim, hozir erkin ijodkorman. Telekanalning ko`magi bor, xolos. Ijodim sustligining boi­si balki hozir homiyim yo`qligi yo hamma ish o`z bo`ynimda ekanidadir.Shunga qaramay, to`rtta klip chiqarishga erishdim. Hatto oxirgi ikkita klipimga o`zim rejissyorlik qilishimga to`g`ri keldi. Ijodni boshlaganimga uch yilgina bo`ldi, hali hammasi oldinda.

Sizningcha, bugun shou-biznes necha foiz tadbirkorlikka aylangan va qachon san`at va tadbirkorlik bir-biridan to`la ajraladi?

— Shou-biznes deyarli to`laligicha tadbir­korlikka aylangan. San`at uchun ijod qi­la­diganlar barmoq bilan sanoqli. Xonan­daning noni faqatgina to`ydan, shu bois majburan to`ybop qo`shiq yozadi. Biror qo`shiq “xit” bo`lsa, hamma xonanda xuddi shunday qo`shiq ijro etishni boshlaydi. Estradadagi bir xillikning sababi ham shunda. Shukr, muxlislar professional san`atkor bilan tadbirkor xonandaning farqiga boryapti. ­Lekin san`at va tadbirkorlik bir-biridan to`la ajralishi uchun aniq tizim hamda vaqt kerak.

“Jurnalistika sohasida o`qimasa ham bo`ladi”, degan fikr­da “mu5” telekanalida teleboshlovchilikka qo`l urib, iqtidoringiz yo`qligini angladingizmi yo ikkita “qayiqning boshini tutib”, suvga g`arq bo`lishingizni tushunib etdingizmi?

— Taklif bo`lganida, boshlovchilikka o`zimda ham qiziqish bo`lgan. Sahna nutqi mukammal bo`lmagan va so`z boyligi kam odamdan talab kuchli bo`ldi. Shu bois loyihani tark etishga qaror qilganman. Qolaversa, muxlislar ham ijodim haqida emas, faqta uy qurilishi bo`yicha savol beradigan bo`lib qolishgandi.

BILASIZMI?

  • Ulug`bek Xoliqov 1993 yilning 24 iyuli­da Samarqand shahrida tug`ilgan.
  • O`zbekiston Davlat konservatoriyasiga imtiyozli ravishda qabul qilingan. 2016 yil estrada xonandaligi fakultetini ­tamomlagan.
  • Oilada 2 ta o`g`ilning to`ng`ichi.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar