27 sentyabr kuni Milliy matbuot markazida“Tibbiy ta`limdagi islohotlar — mamlakatimiz tibbiyot sohasining taraqqiyot mezonlaridan biri”mavzusida matbuot anjumani o`tkazildi.
Unda Sog`liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, boshqarma boshliqlari, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tibbiy ta`limni isloh qilish va uni dunyo standartlari darajasiga etkazish bo`yicha bergan topshirig`i yuzasidan olib borilgan ishlar, tizimda kutilayotgan o`zgarishlar va ularning natijasiga bag`ishlandi.
Tan olish kerak, oliy tibbiy ta`lim muassasalarida bakalavriat bosqichining (davolash ishi) 7 yil davom etishi zamon talablariga javob bermasligi bilan birga, mazkur ta`lim uchun asoslanmagan holda ortiqcha moliyaviy mablag`larni ham talab etib kelayotgandi.
Davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasida tibbiy ta`lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida aynan tibbiy kadrlar etishmovchiligini bartaraf etish masalasiga echim ko`rsatilgan. Ya`ni, hujjatda tibbiy ta`lim yo`nalishlaridagi bakalavriat tizimida o`qish muddatlarini belgilash alohida qayd etildi.
Unga ko`ra, 2017/2018 o`quv yilidan boshlab davolash ishi, kasbiy ta`lim (davolash ishi), harbiy-tibbiyot ishi (davolash ishi), pediatriya ishi 6 yil, tibbiy-biologik ish 4 yil, tibbiy profilaktika ishi 5 yil etib belgilandi.
E`tiborli tomoni, hozirgi vaqtda “davolash ishi”, “kasbiy ta`lim” (davolash ishi), “harbiy tibbiyot ishi” (davolash ishi), “pediatriya ishi” bakalavriat yo`nalishlari bo`yicha ta`lim olayotgan 2-5-bosqich talabalari ham ta`limni 6 yillik o`quv dasturi asosida davom ettirishi ko`zda tutilgan.
Mamlakatimizda 7 ta oliy tibbiy ta`lim muassasalari hamda ularning hududiy filiallarida har yili 2 mingdan ortiq shifokorlar tayyorlanmoqda. Ammo, joylarga chiqib mavjud holat o`rganilganda, sog`liqni saqlash sohasining birlamchi tizimida kadrlar ta`minotida nomutanosibliklar borligi ayon bo`ldi. Masalan, mamlakatimiz bo`yicha shifokorlarning umumiy soni 72 ming nafar bo`lib, har 10 ming aholiga nisbatan 23,5 nafarni tashkil etadi. Ammo Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Farg`ona va Navoiy viloyatlarida bu ko`rsatkich talab darajasida emas.
Shu nuqtai nazardan Prezidentimizning joriy yil 5 maydagi “2017/2018 o`quv yilida O`zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish to`g`risida”gi qarori kadrlar ta`minotini yaxshilashda muhim hujjat bo`ldi. Unga muvofiq, 2017/2018 o`quv yilidan boshlab birinchi marta maqsadli qabul yo`lga qo`yildi.Endilikda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari buyurtmalariga binoan tibbiyot kadrlariga talab yuqori bo`lgan hududlar uchun davlat granti asosida bakalavriat yo`nalishiga qabul amalga oshirildi.
O`z navbatida, yoshlarimiz ham davlatimiz tomonidan oliy ta`lim tizimini modernizasiyalashga yo`naltirilgan islohotlarni katta qiziqish bilan qabul qilib, bu borada yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, oliy ma`lumotli mutaxassis bo`lib etishishga intilmoqda. Shu bois, tibbiyot oliy o`quv yurtlariga 2017 yilgi qabul har yilgidan-da qizg`in kechdi. Joriy yil 44 ming 409 nafar yigit-qiz ushbu yo`nalishdagi oliy ta`lim muassasalariga hujjat topshirdi. Ulardan3 ming445 nafariga talabalik baxti nasib etdi. Ushbu talabalarning 1355 nafari davlat granti asosida va2090 nafari to`lov-kontrakt bo`yicha tahsil olmoqda.
Tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasida to`plangan tajribalar ushbu sohani, ayniqsa, o`quv dasturlarini yanada takomillashtirish vaqti kelganini ham ko`rsatmoqda. O`quv soatlari tahlil qilib o`rganganilganda, o`quv dasturlaridagi mavzularning 15 foizi va hatto undan ortig`i qaytarilish hollari mavjudligi aniqlandi. Bundan tashqari, bakalavriat va magistratura bosqichidagi o`quvreja va dasturlarda mutaxassislikka oid bo`lmagan fanlarning ko`pligi ham talablarning ortiqcha vaqtini olib, ixtisoslik bo`yicha bilim olishiga sezilarli ta`sir qilib kelmoqda. Yana bir muammoli holat — ta`lim jarayoniga tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni kiritishda vujudga kelgan qiyinchiliklar bilan bog`liq edi.
Davlatimiz rahbari qarori bilan, oliy tibbiy ta`limning klinikagacha bo`lgan va klinik fanlar bloklari bo`yicha o`quv soatlari salmog`i oshirilishi, oliy tibbiy ta`lim standartlarini qayta ko`rib chiqish belgilandi. Shunga asosan, bakalavriat bosqichi uchun davlat ta`lim standartlari qayta ishlab chiqilmoqda. Ya`ni, kasbiy fanlar bloki kengaytirilib, ijtimoiy-iqtisodiy fanlar blokini 7 foizgacha qisqartirish, klinikagacha va klinikaga oid fanlar uchun soatlar hajmini 85 foizgacha ko`paytirish nazarda tutilgan. Avvalgi Davlat ta`lim standartlarida belgilangan o`quv rejalarida gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bloki bo`yicha o`quv soatlari hajmi 15-20 foizgacha edi. Asosiy mutaxassislik bo`yicha esa 40-50 foizni tashkil qilgan. Bu islohot oliy tibbiy ta`limning birinchi bosqichidan boshlab, bo`lajak shifokorning sohaga doir bilimlarini shakllantirishiga keng imkoniyatlar yaratadi.
Hech ikkilanmay aytish mumkinki, Prezidentimiz tashabbusi bilan yo`lga qo`yilayotgan tibbiy ta`limni kompleks rivojlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlar
tibbiyot kadrlari etishmovchiligi qoplanishini 15 foizga tezlashtirishga,
tibbiy ta`lim tiziminixalqaro standart talablariga moslashtirilishiga,
ta`lim muassasalari kadrlari salohiyatini oshirishga,
davlat byudjeti mablag`larining maqsadli sarflanishiga,
tibbiyot oliy o`quv yurti tilabalarining amaliy ko`nikmalarini mustahkamlash va o`quv jarayonini samarali tashkil etish orqali yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi.






