- Kechki ovqatga nima tayyorlay?
- Lag`mon!
- Sen nima eysan, o`g`lim?
- Manti!
- Menga esa chuchvara pishirib bering, juda egim kelayapti.
Oila a`zolaringizning bu kabi talabini bajarish uchun xamir qorishu, pishir-kuydirga vaqt orttirolmaysizmi? Balki xamir yoyishga erinarsiz?! Tinib-tinchimas muxandislar og`iringizni engil qilish maqsadida o`zi xamir yoyadigan moslama ixtiro qilishdi. Ha-ha, endi xamirni osongina yoyib, lag`monu spagetti, hatto norinni ham yarim soatga qoldirmay do`ndirib tashlaysiz. Xo`sh, mavzu qiziqtirib qo`ydimi?! Unda qolganini eshiting.
Sizga qaysinisi?
Barchamizga ma`lum va mashhur bo`lgan, lag`mon xamirini cho`zib, norin hamirini to`g`rab beradigan apparatimizning hunari yana ko`paydi. Unda endi bemalol chuchvarani ham tugishingiz mumkin.
Uning bir qancha tishlari bo`lib, ularning xususiyatlari quyidagilardan iborat:
- Lag`mon xamirini cho`zadi
- Lazanya (bizning shilpildoq-da!) uchun xamir tayyorlaydi
- Spagetti ham doim tayyor
- Chuchvara tugishga shay
- Qayla uchun xamir tayyorlaydi (Reginette)
- Italyancha pasta uchun lag`mon xamirini tayyorlashi mumkin (Fettuccine)
Ana shunday xususiyatlari bilan Italiyada ishlab chiqarilgan «Multipast wellness» (sog`lom turmush multipastasi) maishiy apparati sizni lol qoldirishi turgan gap. Moslamaga nafaqat an`anaviy chuchvara masallig`i balki boshqacha masalliqlarni solib xam turli-tuman baraklarni tayyorlash, tugish mumkin. Misol uchun turli xil meva jemlaridan foydalanib, pishirik tayyorlasa ham bo`ladi. Ularning bir tekisda tugilayotganini ko`rib baxri-dilingiz ochiladi. Dasturxoningiz ko`rki bo`lib turganini ko`rib ikki hissa quvonasiz.
Yon daftaringizga:
Endi sizga chuchvara (Raviolini) xamirini tayyorlash uchun retsep taqdim etamiz.
Kerakli masalliqlar:
250 gr un
4 dona tuxum
Suv
Xamir o`rtacha qattiqlikda qoriladi. So`ng uni 5-6 bo`lakka bo`lib, sekin-asta mashinaning tekis roliklari orqali o`tkazasiz. Xamir yopishqoq bo`lmasligi, bir xil kenglikda yoyilishi va o`rtacha yumshoqlikda bo`lishi lozim. Apparatning yon tomnida maxsus moslama bo`lib, u orqali xamiringiz qalin yoki yupqa yoyilishini moslashtirishingiz mumkin. Xamiringiz tayyor bo`lgandan so`ng, apparatingizning tishlarini o`zgartiring, ya`ni chuchvara tugadigan tishini o`rnating. So`ng uning ustiga xamirni ikkiga buklab o`rtasini apparatning tishiga joylashtiring va barakning ichiga solinadigan masalliqni soling-da, asta-sekinlik bilan dastagini aylantiring. Ana mo``jiza bir pastda ular suvga tushishga tayyor holga keladi. Agar tugilgan chuchvaralarni dasturxon ustiga 5-10 daqiqaga yoyib, quritib olsangiz 2-3 kun muzlatkichda saqlash imkoniyatiga ham ega bo`lasiz.Shoshib turganingiza asqotadi-ya!
Ehtiyot bo`ling!
Apparatni tozalash qulay va oson. Ammo uni suvda yuvib bo`lmaydi. O`zining maxsus cho`tkasida tozalashingiz lozim. Bundan tashqari uning ustiga og`irroq idish yoki boshqa narsalarni qo`ymaganingiz ma`qul.
Ikkinchi avlod
Biz siz bilan asosan barak tugish apparati haqida gaplashdik. Aslini olganda bu maishiy texnika bozor rastalarini allaqachon egallab olgan bo`lib, biroq unda chuchvara tugib bo`lmasdi. Uning ikki turi mavjud bo`lib birinchi avlod vakili faqatgina
- Lag`mon cho`zib
- Norin xamirini to`g`rash
- Xamirni yoyib bergan bo`lsa,
Ikkinchi avlod vakili bir nechta yangi hususiyatlari bilan avvalgisining kamchiliklarini qoplab ketadi.
Qulay tomoni shundan iboratki stolingiz ustida unchalik katta bo`lmagan hajmni egallaydi. Vazni og`ir emas, tishlarini o`zgartirish ham oson. Moslamaning birgina «minus» tarafi bor. Agar buni shunday atash mumkin bo`lsa, elektr energiyasining sarflanishi tarafdan xamyoningizga qimmatga tushishi mumkin. Bordiyu moslamadan haftada 1-2 marta foydalanaman desangiz, ixtiyor o`zingizda .
Komola tayyorladi .
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






