
Bundan bir necha yillar muqaddam “aqlli uy” texnologiyasi haqida gap ketganda chiroq, isitish va boshqa tizimlarni masofadan turib nazorat qiluvchi murakkab va qimmat tizim ko`z oldimizda gavdalanar edi. Taraqqiyot bir joyda to`xtab turmagani kabi bu yo`nalishda ham izlanishlar muttasil davom etyapti va shu tufayli “aqlli uy” uchun ancha arzon hamda foydalanishga qulay qo`shimcha dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Uy kommunikasiyalarini boshqarishga mo`ljallangan, "iPhone" uchun uncha qimmat bo`lmagan ilova dasturlar yaratilmoqda. Masalan, "Apple" kompaniyasi sobiq xodimi ijod mahsuli bo`lgan "Nest" termostati. Uskuna energiyani tejashga yordam beradi (termostat uyda hech kim bo`lmaganida isitish tizimini o`chirib qo`yadi).
Mobil ilova dastur yordamida esa masofadan turib xonadondagi havo haroratini nazorat qilish imkoni mavjud. Shuningdek, uydagi yoritish tizimini o`zgartirish imkonini beruvchi ko`plab qurilmalar ham amaliyotga joriy qilinyapti. "Phillips" kompaniyasi mijozlarga mobil ilova dasturi orqali yoqib-o`chiriladigan "PhilipsHue" chiroqlarini taklif etdi.
Yana bir qiziqarli ishlanma – "WeMo". U telefon orqali xonadondagi barcha elektr jihozlarini boshqaradi. Bundan tashqari, smartfon dasturlari bilan hatto eshik qulflarini ochish mumkin.






