AsosiySUG'DIYONA

HAMKASBLARINGIZ QAHRAMONMI?

'HAMKASBLARINGIZ QAHRAMONMI?'ning rasmi

Hayotni teatrga, odamlarni esa sahnada rol ijro etayotgan aktyorlarga qiyoslashganini ko`p eshitganmiz. Modomiki, shunday ekan, umrimizning asosiy qismi o`tadigan ish joyimiz va hamkasblarni kimlarga qiyoslash mumkin? Ularni sehrli bazmda deb tasavvur qilib ko`raylik-chi, nimalar ayon bo`larkin?!

Oloviddin

Bundaylar har qanday vaziyatda ham nima qilish kerakligini yaxshi bilishadi. Garchi, rasman rahbar bo`lmasalar-da, ko`pchilikka ta`sir o`tkazish qobiliyatlari bilan ko`zlagan maqsadlariga osongina erishishadi.

Ularning salbiy jihatlari deyarli yo`q. Ammo asalning ham ozi shirin bo`lganidek, bunday hamkasb bilan doimo elkama-elka ishlash mushkul. Nega deganda, ularning ishchanligi tufayli siz, o`zingizni hech bir yumushga yaramaydigandek sezasiz.


Parizoda

Kelishgan, nozik, harakatchan xodimalarni farishtalarga qiyoslash mumkin. Ular qachon qaramang, ko`zgu oldida andarmon bo`lishadi, ishlashlari uchun esa hamisha nimadir etishmayotgandek... Boz ustiga, bir qarasang, boshlari og`riydi, bir qarasang, xonadagi shovqinni yuraklari ko`tarolmaydi yoki havo issiqlik qiladi. Xullas, ular – juda “noziktabiat” xodimlar. Dam olish kunlari ishlashga to`g`ri kelganda ham bahonalari tayyor turadi. Shu sababli, atrofdagilarda norozilik kayfiyatini uyg`otishadi.

Aslida, “parizoda”lar qiyin sharoitda ishlashlari lozim. Chunki haddan tashqari yumshoqko`ngillik ularni nozik ko`ngillarini yanada yumshatib yuborishi turgan gap. Ular bilan ishlaganda qattiqo`l bo`ling. Vazifalarini uddalay olishlariga ko`zingiz etsa, aslo ko`maklashmang.


Shum bola

Bunday insonlar har qanday yumushni ham quvnoq kayfiyatda bajarishadi. Ularni ko`rganda o`z-o`zidan tabassum qila boshlaysiz. Odatda, “shum bola”lar o`rtamiyona ishchi bo`lishsa-da, jamoada o`z o`rinlarini topishadi.

Ba`zan turli qiliqlar, hazil-mutoyiba bilan hamkasblarini ishdan chag`itishlari yoki ishni bir muddat to`xtatib qo`yishlari, diqqatni jamlashga xalal berishi mumkin. Shu bois ular bilan muomalada kamgaproq bo`lgan ma`qul.


Qora botir

Kuchsizlarni o`z himoyasiga oladigan, doim qo`llab-quvvatlashga tayyor xodim, ular. Shu ma`noda “Qora botir”lar hayotlarini kurashsiz tasavvur etisholmaydi va doimo qat`iyat bilan o`z huquqlarini himoya qilishadi. Ba`zan bu jamoada xotirjamlik buzilishiga olib kelishi mumkin.

Ular bilan hazilomuz muomala qilmasangiz, jamoadagi va umuman, tashkilotdagi muammolar tobora kattalashishi mumkin. U kurashayotgan masala sizga unchalik ham qiziq emasligini sha`ma qilib qo`ysangiz, tinchingizni buzishmaydi.


Devlar

Ular shunchaki o`z vazifalarini bajarish bilan band bo`ladilar. Tashkilotga aytarli foyda yoki zarar keltirishmaydi. Biroq ularni ikki guruhga – yaxshi va yomon “dev”larga ajratish mumkin. Yaxshi “dev”lar mehribon bo`lishadi, ulardan yaxshi suhbatdosh chiqadi. Yomonlaridan esa nima kutish mumkinligini ham bilmaysan, kishi. Ular bilan janjal yurak huruji bilan yakunlanishi hech gap emas. Yaxshilarida deyarli kamchilik bo`lmaydi, biroq yomonlari ixtilof keltirib chiqarishga usta bo`lishadi.

“Dev”larni doim rag`batlantirib turish uchun ularning ishchan, chaqqon va kirishimli ekanliklariga urg`u berib, maqtab turing. Bunday xususiyatlar hozircha hech ko`zga tashlanmayotgan bo`lsa-da, maqtovlaringizdan keyin birinchi qadam qo`yilganini sezasiz.

MAFTUNA tayyorladi.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi

Boshqa yangiliklar