Anil va Sunnita Kapurning qizi Sonam Kapur 1985 yil 9 iyulda Mumbayda dunyoga keladi. 15 yoshida Osiyo bo`ylab sayohatga otlangan bu qizaloq hozirgi kunda Hindistonning yorqin yulduzlari ro`yxatining birinchi qatorlarini egallamoqda.
Ilk filmi
Kino muhiti Sonamga bolalikdan ma`lum. Ammo u aktrisa bo`lishni hayoliga ham keltirmaganini aytadi. Sonamning “piri” Sanjay Bxansali va uning onasi Leyla unga “Ma`shuqa” filmidagi bosh rolni ijro etishni taklif qilishganida, u hayratda qolgan edi. Chunki unga bu rol taklif qilinganda Sonam do`mboqqina qizcha edi. Ammo aktyorlik muhitida o`sgan Sonam tezda o`zini qo`lga olib, parhezga o`tirib, bir qancha fursat ichida 30 kg. ga ozib, sarviqomat hurliqoga aylanadi.
U ilk bora 2007 yilda «Ma`shuqa» (Vozlyublennaya) filmida suratga tushadi. Bu film Hindiston kino prokatida inqirozga uchragan bo`lsa-da, xorijda katta muvafaqqiyat qozonadi. Aynan mana shu filmda suratga tushgandan so`ng mashhur «L'Oreal» kosmetik firmasi Sonam Kapurga Hindistondagi firma yuziga aylanish taklifini qiladi. Shu kunga qadar bunday e`tiborga faqatgina Ayshvariya Ray muyassar bo`lgan edi. Shuningdek, Sonam Kapur Anant zargarlik kompaniyasining yuziga ham aylangan. 2009 yildagi «Deli 6» filmi esa etarlicha mablag` yig`a olmaydi, ammo tahsiniga sazovor bo`lgan.
Dadasiga o`xshashni istagan qizcha
«Otam bilan birgalikda filmda suratga tushishni istardim. Ammo afsuski dadam bilan filmlarda ota va qiz rolida suratga tusha olmaymiz. Chunki otam juda ham yosh ko`rinadi», deydi Sonam kulib. «Men ham otamga o`xshashni juda-juda istayman. Men ham xuddi u singari tomoshabinni nafaqat ko`nglini ochadigan, balki shu bilan birga, uni o`ylanishga ham majbur qiladigan filmlarda suratga tushishni istayman. Noodatiy filmlarda suratga tushishni orzu qilaman», deydi aktrisa.
Nogoh kelgan omad
2010 yil Sonam Kapurga muvafaqqiyat keltirdi. U aynan o`sha yili «Sevgi hikoyalarini yomon ko`raman» filmida Imran Kxan bilan birgalikda suratga tushadi. Bu film Sonamni ham Hindistonda, ham xorijda taniqli aktrisaga aylantiradi. Bu filmda suratga tushayotgan paytda Sonam film rejissyori va ssenaristi bollivudlik Punit Malxotra bilan uchrasha boshlaydi. Afsuski, munosabatlar uzoq davom etmaydi. Hozirgi kunda esa betakror go`zallik egasi yolg`iz.
2010 yilda Djeyn Ostinning «Emma» romani asosida suratga olingan «Aysha» filmida suratga tushgan Sonam o`z ijrosi uchun yaxshi baho oladi.
Sonam 2011 yilda «Yil fasllari» (Vremena goda) filmida Shaxid Kapur bilan birgalikda suratga tushadi. 2012 yilda esa Sonam ishtirok etgan «Italiyancha o`g`irlik» filmining hindcha talqini bo`lgan «O`yinchilar» (Igroki) filmi kino prokatga chiqdi.
Yashirin iste`dod
Sonam yoshligidan kitob o`qishni yoqtiradi. Hatto ba`zan maktabdagi kutubxonachi ayol unga buncha ko`p kitob o`qib ko`zlarini charchatib qo`yishi mumkinligini aytadi. Kitob o`qishni sevgani sababdan bo`lsa kerak, Sonamni juda yaxshi yozuvchi ham deyish mumkin. Shu bilan birga, Sonam juda chiroyli rasm chizadi. Sportning basketbol turini yoqtiradi. Hind, panjob, marati va ingliz tillarida burro gaplasha oladi.
Shirin AKBAROVA tayyorladi
Manba: "SUG‘DIYONA" gazetasi






