Baxtiqaro bolalik. Bugungi kunga kelib dunyoning eng taniqli yozuvchisiga aylanib ulgurgan Juan Rouling bir necha yillar avval yordam puli evaziga zo`rg`a hayot kechirayotgan yolg`iz ona edi. Ayni paytda esa u Buyuk Britaniyaning eng taniqli va boy ayollari ro`yxatidan joy olgan.
Angliyaning kichik bir grafligida, injener oilasida dunyoga kelgan Joanning bolaligi qiyinchilikda o`tgan. Ota‑onasi o`g`il kutishganligi sababli Joanga hech e`tibor berishmasdi. O`spirinlik yoshida esa onasi og`ir xastalikka duchor bo`ladi. Biroq Joan taslim bo`lmaydi. Garchi o`zi istagan Oksford universitetiga kira olmasa ham, Ekseters universitetining fransuz tili va filologiyasi fakultetida o`qiydi. Keyin «Xalqaro amnistiya» jamiyatida tarjimon bo`lib ishlaydi. Ammo ko`p o`tmay ishdan bo`shab, kasalligi avj olgan onasining oldiga qaytishiga to`g`ri keladi.
Kechikkan poezd. 1990 yilda Joan Manchesterdan Londonga yo`l olarkan, poezd yo`lda 4 soatga hayallaydi. Aynan mana shu payt Joanga sehrgarlik maktabi o`quvchisi Garri Potter haqidagi roman g`oyasi keladi. Yozuvchi uyga etib kelishi bilan g`oyalarni qog`ozga tushiradi. O`sha yilning dekabr oyida esa onasi vafot etadi. Eng yaqin insonini yo`qotgan Joan yozishdan to`xtamaydi. O`z hissiyotlarini bosh qahramoni orqali qog`ozga to`kib soladi.
Baxtsizlik ortidagi omad. Biroz vaqtdan keyin Rouling Portugaliyaga ko`chib boradi. U kechqurunlari ingliz tilidan dars berar, kunduzi esa asarlarini yozardi. Ko`p o`tmay, Xorxe Arantes ismli bir telejurnalist bilan tanishib, oila quradi. 1993 yil 27 iyulda qizi dunyoga keladi, ammo o`sha yilning dekabr oyida eri bilan ajrashadi. Qo`lida chaqalog`i va Garri Potterning yozib tugallangan III bobi bilan opasining uyidan panoh topadi. «O`sha paytlari o`zimni juda omadsiz deb his qilardim. Barbod bo`lgan oila, toptalgan ishonch va norasida go`dak bilan taqdir qarshisida ojiz qolgandim. Ko`z yoshlarimni tiyish uchun ham bor kuch va g`ayratimni men uchun muhim bo`lgan ishga sarflay boshladim. Axir hayot davom etishi kerak-ku! Qo`limdagi eski yozish mashinkasi va miyamdagi katta g`oya bilan kurashishda davom etdim. Va keyinchalik tushunib etdim – tosh bo`lib ko`ringan choh aslida hayotimni qayta qurilishi uchun xizmat qilgan mustahkam fundament ekan», deydi yozuvchi.
Baxtli tasodif. 1995 yilda birinchi kitob yozib tugatgan Joan qo`lyozmani 12 ta nashriyotga jo`natadi, ammo ularning barchasi bu asarni chop etishdan bosh tortadi. Oradan bir yil o`tgach, Londonning Bloomsbury nashriyot uyi rahbari Barri Kanningemning 8 yoshli qizi Alisa tasodifan qo`lyozmaning ilk boblarini o`qib chiqadi. Va otasidan asarning davomini ham so`ray boshlaydi. Mana shu voqea sabab Bloomsbury nashriyoti asarni chop etishga qaror qiladi. Asar kitob holida avvaliga 1000 tiraj bilan chiqadi, ammo qisqa vaqt ichida o`ziga ko`pgina muxlislar orttiradi.






