AsosiyJamiyat

​MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI AXBOROT-KOMMUNIKASIYa TEXNOLOGIYaLARI YO`NALIShIGA OID FANLARNI ChUQURLAShTIRIB O`QITIShGA IXTISOSLAShTIRILGAN MAKTAB TAShKIL ETILADI

'​MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI AXBOROT-KOMMUNIKASIYa TEXNOLOGIYaLARI YO`NALIShIGA OID FANLARNI ChUQURLAShTIRIB O`QITIShGA IXTISOSLAShTIRILGAN MAKTAB TAShKIL ETILADI'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o`qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to`g`risida qarorni imzoladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabni Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tizimidagi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi negizida tashkil etiladi. Toshkent shahar, Mirzo Ulug`bek tumani, Tepamasjid ko`chasi, 4-uy manzilida joylashgan Mirzo Ulug`bek informatika kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Ixtisoslashtirilgan maktabga operativ boshqarish huquqi asosida bepul beriladi. Mirzo Ulug`bek informatika kasb-hunar kollejining 2-3-bosqich o`quvchilari Ixtisoslashtirilgan maktab binosida o`qishni bitirgunlariga qadar davom ettirishadi.

Ixtisoslashtirilgan maktabga o`quvchilar O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilanadigan kvota asosida 5-sinfdan boshlab yozma va og`zaki sinov natijalariga ko`ra tanlov asosida qabul qilinadi. Ixtisoslashtirilgan maktabning binolarini ta`mirlash va rekonstruksiya qilish, zarurat bo`lganda yangi binolar qurish, sinf va laboratoriya xonalarini, kutubxona va boshqa inshootlarini zamonaviy jihoz, mebel, kompyuter va boshqa o`quv-laboratoriya vositalari bilan jihozlash, o`quv adabiyotlari va metodik qo`llanmalar bilan ta`minlash, yuqori kasb mahoratiga ega o`qituvchilar va xodimlarni qo`shimcha rag`batlantirish Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg`armasi hisobidan amalga oshiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabni axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishida yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta`minlash, o`quv-tarbiya jarayonini xalqaro andozalar asosida tashkil etish maqsadida unga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inxa universiteti
professor-o`qituvchilarini belgilangan tartibda jalb eetilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Respublikaning maktab yoshidagi iqtidorli o`quvchilariga matematika, fizika va informatika fanlarini integrasiyalashgan holda qamrab olgan ko`rik-tanlov natijalariga ko`ra beriladigan “Muhammad al-Xorazmiy izdoshlari” nomli mukofotni ta`sis etilishi tasdiqlandi. .

Ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

umumiy o`rta ta`limning davlat ta`lim standartlari asosida zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarining chuqur o`qitilishini tashkil etish;

o`quvchilarda dasturlash asoslarini, ma`lumotlar bazalarini shakllantirish va axborot xavfsizligi ko`nikmalari va media madaniyatni maktab davridan boshlab shakllantirish;

yuqori kasb mahoratiga ega bo`lgan pedagoglarni jalb etgan holda o`quvchilarning yosh matematiklar, yosh fiziklar, yosh dasturchilar, yosh ixtirochilar jamoalarini tashkil qilish, ularning respublika va xalqaro fan olimpiadalarida muntazam ishtirok etishlarini ta`minlash;

o`quvchilarni chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy va xalqaro e`tirof etilgan sertifikatlar olishga tayyorlash;

o`quv jarayonining ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalari bilan uzviyligini ta`minlash maqsadida 10–11-sinf o`quvchilarining axborot-kommunikasiya texnologiyalari yo`nalishidagi etakchi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyoti o`tashlarini tashkil etish.

    Boshqa yangiliklar