Kayfiyatiga qarab, ko`ngil amri bilan ijod qiladigan xonanda Dildora NIYoZOVA "Darakchi" gazetasi mehmoni bo`ldi. Qaltis savollarga ochiq-oydin javob berishdan qochmadi...
— Dildora opa, ijod “oshxonasi”da faolroqmisiz yo?
— Tarozi pallasini ijod “oshxonasi”dagi faoliyatim bosadi. Lekin oshxonada ham qo`limdan kelgancha ixtirolar qilib, yangiliklar bilan uydagilarni xursand qilishga harakatim bor. Biroq sira xamirli taomlar tayyorlamayman, chunki semirtiradi. San`atkor bo`lganim bois tashqi ko`rinishimga e`tiborliman. Turmush o`rtog`im ham bu odatimga ko`nikdi (kuladi).
— Ijodingiz misolida aytsangiz, prodyusersiz ishlashning yomon taraflari...
— ...yo`q! Chunki erkim o`z qo`limda. Mehnat qilsa, marralarga prodyusersiz ham erishish mumkin. Homiy san`atga ilk qadamini qo`ygan, oyoqqa turishi kerak bo`lgan xonanda uchun kerak. O`z nomiga ega san`atkorga prodyuserning hojati yo`q.
— Dildora Niyozova o`z nomiga ega bo`lib, prodyuserdan foydalanib bo`ldi, shuning uchun unga prodyuser kerakmas, shundaymi?!
— Ikkalamiz ham bir-birimizdan bir xil miqdorda foyda ko`rganmiz. Ba`zi prodyuserlar “Seni men oyoqqa qo`ydim, o`z nomingga ega qildim, endi mendan qarzdorsan. Qo`pol qilib aytganda, “qulsan”, deyishadi, bu noto`g`ri! O`z nomimga ega bo`ldim, deya katta gapirmoqchimasman, lekin menga prodyuser kerakmas. Shunchaki, tajriba o`z so`zini aytdi — erkin ijodkor bo`lgim keldi. Yoshligimda imkoniyatim yo`q, biroq sahnaga chiqishga mushtoq bo`lganim bois prodyuserning buyruqlariga ko`z yumardim. Issiq jonmiz, tobim bo`lmasa ham prodyuser bilan shartnoma bo`lgani bois aytgan xizmatiga borishga majbur edim. Hozir o`zimga xon, o`zimga bekman, kayfiyatimga qarab ish tutaman. Inson o`z imkoniyatiga ishonsagina natija bo`y ko`rsatadi. Bu yo`lda yiqiladi, qoqiladi, oxiri bari izga tushadi, muhimi bari minnatsiz bo`ladi.

— “Mening yurtim” telekanalidagi “Top dizayner” ko`rsatuviga kelib, yarmidan ketib qolib, ko`rsatuv ijodkorlarini qiyin vaziyatda qoldirishingiz ham kayfiyatingiz bilan bog`liqmidi?
— Bunday ma`lumotlarni qaerdan topasiz-a? Mas`uliyatsizlikka yo`ymang-u, san`atkor bora-bora injiq bo`lib qolar ekan. Temir yo`llar haqida gimn qo`shiq yozgandim, biroz o`zgartirish kerakligi uchun shu soha rahbari chaqirtirgandi. “Top dizayner” ko`rsatuvi ijodkorlariga “menga navbat beringlar, ketishim kerak”, dedim. Lekin boshqa hamkasblarimga navbat beraverishdi, shartta kiyimimni o`zgartirdim-da, ketdim. Ishimni tugatib, suratga olishga qaytib kelishga imkonim bo`lmadi.
— “Hamma imkoniyatim etarli”, deyapsiz. Lekin behad mashhurlik olib kelgan “Ishonma” kabi xit qo`shiqlaringiz yo`q-ku?
— Hech qachon “xit” qo`shiq yozaman, degan fikrda bo`lmaganman. Shu bois to`ybop — o`ldim, kuydim mavzuidagi qo`shiqlarim juda kam. Asosan ko`nglim amridan kelib chiqib qo`shiq yozaman. Ba`zi hamkasblarim “To`ybop qo`shiqlar kuylang”, deyishadi. Tan olaman, yo`ldan og`ishgan paytlarim bo`lgan. Lekin urinishlarim natija bermadi va keyin bu ishni o`zimga ep ko`rmadim. To`g`ri, u qadar mashhur emasdirman, lekin yuragidan yaxshi ko`radigan muxlislarim ham kam emas. Xalqqa hozirgi ijodim manzur kelsa, bosh ustiga, yo`qsa san`atni tark etishdan ham qo`rqmayman. Chunki hayotdagi eng katta boyligim — oilam!
— Ijodingizni tahlil qilsangiz vaqt “shamol”i tez sindiradigan bo`yi baland “terak”laringiz ko`pmi yo “chinor”lar?
— To`g`ri, “teraklar”im ham bor, lekin “chinorlar”im ko`proq. Bu xulosaga kelishimga sabab, televidenie badiiy kengashidan o`tmagan qo`shiqlarimni shu kunlarda o`zlari efirga qo`yishyapti, vaholanki reklama uchun bir so`m pul to`lagan emasman.

— “Dildora Niyozovaning xatti-harakatlari, qo`shiq kuylash uslubida O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaga taqlid yaqqol seziladi”, degan fikrlar ham quloqqa chalinadi. Bu ta`riflarga nuqta qo`ya oldingizmi yo hanuz zo`r taqlidchimisiz?
— San`atga qadam qo`ygunimga qadar shu san`atkorning gapirishigacha taqlid qilib, bolalarcha dunyoqarash bilan Yulduz Usmonovaning hayotida yashagim kelardi. Hatto san`atga ham ustozning qo`shiqlari bilan qadam qo`yganman. Bir to`yda Yulduz Usmonovaning ikkita qo`shig`ini kuylab, uchinchisini boshlagandim, to`y egasi oldimga kelib, “Usmonovani chaqirishga imkoniyatimiz etadi. Lekin biz to`yga Dildora Niyozovani taklif qilganmiz. Uch yuzdan oshiq qo`shig`ingiz bor-ku”, deya disklarimni ko`rsatganida ko`zimdan yosh chiqqandi. O`shanda o`z yo`limni topishim kerak, degan qat`iy fikrga kelganman. Biroq o`rgangan holatdan darhol chiqish oson ishmas-da. Gohida “Fe`l-atvoringiz Yulduz Usmonovanikiga o`xshaydi”, deyishadi. Aslida hayotda ikkalamiz boshqa-boshqa dunyomiz.Tavakkal qilolmayman, kimgadir qattiq gapirolmayman, qo`rqoqligim bor.
— Dildora Niyozovaning ijodiga ikkinchi hayot baxsh qilgan Ruslan Sharipov bilan kuylangan “Chilla” duetingizda ham o`sha nafas sezilgan...
— Bu fikrlarni ham eshitganman. “Menga yarashmayaptimi?” deganimda, “Yarashyapti!” degan javobni olganman. Ijod jarayonida beixtiyor o`xshab ketadi. Lekin Dildora Niyozova bo`lishni istayman va bu yo`lda qancha kerak bo`lsa, shuncha mehnat qilaman. “Chilla” qo`shig`i o`zimga ham yoqadi. Ruslan akaning ijodi manzur kelgani uchun oila haqida ham duet qilganmiz.
— Yordamga muhtoj bo`lganida ijodini yoqtiradigan hamkasbingiz holidan xabar oldingizmi?
— Xabar olgan vaqtlarim bo`ldi, hozirgacha qo`ng`iroq qilib turaman. Ruslan aka yaxshi inson, lekin qaysarligi ham bor. Turmush o`rtog`imning chizgan chizig`idan chiqolmaganim uchun hadeb borolmadim. Lekin Ruslan akani oyoqqa turishiga rosa undadim, biroq insonning o`zida xohish, kuch bo`lmasa bari befoyda ekan.
— Odamlar Dildora Niyozovani yaqindan bilishsa, “San`atkorning o`zini emas, ijodini yaxshi ko`r”, degan fikr haqiqatligiga amin bo`lishadimi?
— Yomon ko`rib qolishi ham mumkin. Fe`l-atvorimni yoqtirmagan o`z yo`lida ketaveradi, bundan xafa bo`lish kerak emas. Gohida turmush o`rtog`im bilan kelishmovchilik bo`lib qolganda ham “fe`lim to`g`ri kelmayotgan bo`lsa, sizdan mingdan-ming roziman, men bilan yashamay qo`ya qoling”, deyman. Lekin ichimda “ketib qolsa nima qilaman?” degan xavotir bo`ladi. Turmush o`rtog`im ham “Ko`nglimdagideksan, shu tiling biroz yomon-da”, deydi (kuladi). Haqiqatni bila turib, ishimni bitirib ola qolay, deya indamay ketolmayman-da. Haqiqat yo`lida nimanidir yo`qotishga to`g`ri kelsa, bunga tayyorman!
— Mashhurlik o`z evaziga samimiylikni talab qiladi, degan fikrning to`g`ri aytilganiga ko`pchilik hamkasbingiz misol bo`la oladi, Dildora Niyozova-chi?
— “Ishonma” qo`shig`im orqali tilga tushganimda ham prodyuserim “yulduzlik kasali”ga chalinishimga yo`l qo`ymagan. Ideal insonning o`zi yo`q, balki kimnidir ko`nglini og`ritgandirman. Lekin mashhurlik o`tkinchiligini anglab, samimiylik ortidan quvmaganimda bugungi darajaga etmagan, shaxsiy hayotimda ham baxtga erishmagan bo`lardim.

Bilasizmi?
— “Qaerdasiz?”, “Qachon kelasiz?”, “Qaerga ketyapsiz?” kabi odatiy savollar...
— ...ayollarga xos tuzatib bo`lmaydigan “kasallik”. Turmush o`rtog`im “ayol kishisan, hisobot berishga majburmasman”, deydi, lekin yoqmasa-da, baribir savollarimga javob beradi (kuladi). Gap qizg`anishda emas, lekin erimning qaerdaligini bilishim kerak.
— Jahlingiz chiqqanida...
— Avvallari to`polon qilardim, hozir indamay ketishga o`zimda kuch topa olaman.
— Turmush o`rtog`ingizga ko`p takrorlaydigan gapingiz...
— “Qorningiz ochmi?” Yarim tunda kelsa ham shu savolni beraveraman, lekin choy tayyorlab bermayman (miriqib kuladi). Erim oshxonada ish boshlaydi, men sherik bo`laman. Turmush o`rtog`im “pul topib kelyapman-ku!” demay, uy-ishlari, bola tarbiyasi, umuman hamma ishda menga ko`makchi.
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.






